Villari effekti

Villari effekti — mexanik deformaniyalar (cho’zilish, buralish, egilish va b.)ning ferromagnetiklar magnitlanuvchanligiga ta’siri. Italyan fizigi E. Villari (E. Villari, 1836— 1904) ochgan (1865). Magnitlanganda o’lchamlari qisqaradigan ferromagnetiklar (masalan, nikel) cho’zilganda magnitlanganligini kamaytiradi. Bu hodisa teskari (manfiy) Villari effekti deb ataladi. Aksincha, magnitlanganda o’lchamlari uzayadigan ferromagnetiklar (masalan, tarkibida 65% nikel bo’lgan temir-nikel qotishmasidan yasalgan sterjen) cho’zilganda magnitlanganligini ko’paytiradi. Bu hodisa to’g’ri (musbat) Villari effekti deb ataladi. Aytib o’tilgan materiallar siqilganda Villari effekti ishorasi teskarisiga o’zgaradi. Villari effekti yuz berishiga sabab ferromagnetiklarga mexanik kuch ta’sir ettirilganda ularning strukturasi o’zgarishidir. Villari effekti texnikada muayyan magnit xossalariga ega bo’lgan materiallar yaratishda keng qo’llaniladi.