Viniplast

Viniplast — polivinilxlorid asosida olingan, tarkibida plastifikator bo’lmagan plastik massa. Polivinilxloriddan tashqari, Viniplast tarkibiga stabilizatorlar va qayta ishlashni osonlashtiruvchi moddalar kiradi. Ba’zan Viniplast tarkibiga bo’yoqlar (rangli buyumlar olishda), to’ldirgichlar (tannarxini arzonlashtirish, fizik-mexanik xossalarini o’zgartirish maqsadida) va modifikatorlar (ba’zi xossalarini yaxshilash uchun) qo’shiladi. Viniplastni qayta ishlash usullari olinayotgan buyum turiga bog’liq. Viniplast— yonmaydigan, hidsiz, termoplastik material, uni mexanik ishlash oson. Turli materiallar (beton va yog’och yuzalari) ga yaxshi yelimlanadi, 20-80° haroratda dielektrik xossaga ega. Kislotalar, ishqor va alifatik uglevodorodlar ta’siriga chidamli; aromatik va xlorlangan uglevodorodlar ta’siriga chidamsiz. Viniplast kimyo sanoatida korroziyaga qarshi konstruktsion material sifatida (idishlar, quvurlar, ventilyatsiya qurilmalari, kimyoviy uskunalar qismlari, laboratoriya jihozlari va hokazolar), suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya, irrigasiya va melioratsiya tizimlarida, qurilish va boshqa yerlarda ishlatiladi.