Ventil
Ventil (lotincha ventilo — puflayman esaman) — 1) bir tomonlama o’tkazuvchanlik xossasiga ega bo’lgan elektr asboblarining umumiy nomi. To’g’ri tok yo’nalishida kam qarshilikka, teskari tok yo’nalishida esa katta qarshilikka ega bo’ladi. Boshqacha aytganda, Ventil tokni bir («to’g’ri») yo’nalishda yaxshi, ikkinchi («teskari») yo’nalishda yomon o’tkazadi. Bu xossasi tufayli Ventil tokni to’g’rilash qurilmasi sifatida keng qo’llaniladi. Ventillik xususiyati metall va elektrolit (elektrolitik Ventil), metall va gaz (ion Ventil), vakuumdagi metall va yarimo’tkazgich yoki har xil tarkibli ikki yarimo’tkazgich (yarimo’tkazgich Ventil) chegarasida namoyon bo’lishi mumkin. Ventillarning boshkariladigan va boshqarilmaydigan xillari bo’ladi. Ventil to’g’rilanayotgan tok quvvati (Vt, kVt), kuchi (a), ish kuchlanishi (V., kv), kuchlanishning to’g’ri yo’nalishda pasayishi, teskari yo’nalishda teshib o’tish kuchlanishi va boshqa ko’rsatkichlar bilan ifodalanadi. Ventil Radiopriyomniklar, kuchli energetika qurilmalari, elektr uzatish liniyalari, avtomatika, elektronika, hisoblash texnikasi, o’ta yuqori chastotalar texnikasi va radioqurilmalarda detektor, tiristor va to’g’rilagich sifatida ishlatiladi. Umuman, diodlarning hamma turlari, elektrolitik to’g’rilagichlar va mantiqiy elementlar ham Ventil jumlasiga kiradi; 2) suyuqlik, gaz yoki bug’oqimi yo’lini ochib yuborish yoki berkitib qo’yish, bu oqim miqsorini ko’paytirish yoki kamaytirish uchun mo’ljallangan qurilma. Oddiy Ventil — vodoprovod jo’mragi. Uni quvur (truba) ga biriktirish uchun ikki uchiga ichki rezba kesiladi. Katta Ventillar korpusining ikki yonida flanes bo’ladi. Ventil maxovigi (bandi) qo’lda buraladi. Quvurdan oqayotgan suyuqlik yoki gaz bosimi o’zgarganda ishga tushadigan elektr yoki gidravlik dvigatel yordamida Ventilni avtomatik tarzda boshqarib turish ham mumkin. Ventil vodoprovod, gaz kuvurlari, sanoat truboprovodlari, sanitariya- texnika qurilmalarida ishlatiladi; 3) musiqada — valtorna, truba kabi mis puflama musiqa cholg’ulari stvoli uzunligini uzaytirish uchun mo’ljallangan mexanizm. Puflama musiqa asbobida Ventil sifatida aylanma klapan- baraban ishlatiladi. Ijrochi Ventildan foydalanib turlicha balandlikdagi tabiiy tovush qatorlarini hosil qiladi.