Viktoriya (Victoria) Viktoriya-Nyanza

Viktoriya (Victoria) Viktoriya-Nyanza (Victoria Nyanza), Ukereve — Ekvatorial Afrikadagi chuchuk suvli ko’l. Tanzaniya, Keniya va Uganda hududlarida. Dengiz sathidan 1134 metr balandlikdagi Sharqiy Afrika tektonik bukilmasida joylashgan. Maydoni 68 ming km2 (kattaligi jihatidan dunyoda 2-o’rinda turadigan chuchuk suvli ko’l), uzunligi 320 kilometr, eni 275 kilometr. O’rtacha chuqurligi 40 metr, eng chuqur joyi 80 metr. Viktoriya — Viktoriya suv omborining bir qismi. Qirg’oq chizig’ining uzunligi 7 ming kilometrdan ortiq; qulay qo’ltiqlari ko’p, yarim orol, Orol va buxtalar bor. Ko’l atrofi baland tekislik. Viktoriyaga quyiladigan daryolardan eng kattasi Kagera. Ko’lga yiliga o’rta hisobda 114 km3 suv yig’iladi (16 km3 daryolardan, 98 km3 yog’indan). Viktoriya-Nil daryosi Viktoriyadan yiliga 21 km3 suv olib chiqadi, ko’ldan 93 km3 suv buglanadi. Viktoriya suvi GES to’g’oni orqali tartibga solib turiladi. Viktoriyada bo’ronlar bo’lib turadi. Ko’lda baliq ko’p, qo’ltiq va daryolarning quyilish joylarida timsohlar uchraydi. Sohilida odam va hayvonlarda tripanosomoz kasalligini tarqatuvchi tsese pashsha tarqalgan. Kemachilik rivojlangan. Yirik portlari: Entebbe (Uganda), Mvanza, Bukoba (Tanzaniya), Kisumu (Keniya). Rubondo orolida milliy Park tashkil etilgan. Viktoriyani 1858 yilda ingliz sayyohi J. Spik yevropaliklarga ma’lum qilgan.