Videonazorat qurilmasi, monitor
Videonazorat qurilmasi, monitor — teleko’rsatuvlar oldidan ko’rsatuvlar trakti tayyorlanayotgan, sozlanayotgan, ko’rsatuvlar ketayotgan paytda efirga uzatish nuqtalari (uzatuvchi kameraning chiqishi va boshqalar)dagi tasvirlar sifatini nazorat ekranlarida vizual (ko’rib turib) nazorat qilish uchun mo’ljallangan qurilma. Oq-qora televideniyeda ham, rangli televideniyeda ham Videonazorat qurilmasi uchun ushbu umumiy uzellar xos: kineskop, tasvir signallari kuchaytirgichi, satr va kadrni yoyish bloki, sinxronlash impulslari selektori va uzellarni elektr bilan ta’minlash manbai. Oddiy televizion qabul qilgichdan farqli ravishda Videonazorat qurilmasida oraliq va yuqori tasvir hamda tovush chastotalarini kuchaytirish kaskadlari bo’lmaydi. Videonazorat qurilmasi telemarkazda bir necha uzatuvchi kamera ishlayotgan paytda rejissyorga bir necha tasvirdan bittasini tanlab olishga, umuman teleko’rsatuvlarni boshkarib turishga yordam beradi.