Variometr

Variometr (lotincha vario — o’zgartiraman va … metr) — 1) aviatsiyada — uchish balandligining o’zgarishi tezligini ko’rsatadigan nazorat-o’lchash asbobi. Ichi berk korpus (g’ilof) ichida joylashgan manometrik qutidagi ATM bosimi bilan kapillyar orqali atmosferaga tutashgan shu korpusdagi bosim orasida paydo bo’ladigan farqni o’lchashga asoslangan. Uchish balandligi o’zgarganda havoning kapillyar orqali o’tishi tormozlanganligi oqibatida bosimlar farqi vujudga keladi va balandlik bir me’yorda turganda bosimlar farqi yo’qoladi; 2) radiotexnikada — radiopriyomnikning tebranish konturini sozlash, ya’ni zarur to’lqinni qidirib topish uchun mo’ljallangan o’zgaruvchan induktivlik g’altagi. G’altak qo’zg’almas tashqi sektsiya (stator) va qo’zg’aluvchi ichki sektsiya (rotor)ga bo’linadi. Radiopriyomnikni zarur to’lqinga sozlash uchun rotorni stator ichida burish lozim bo’lardi. Hozir chulg’amining ichida magnitodi-elektrik sterjen (o’zak) harakatlanadigan induktivlik g’altagi qo’llaniladi. Bunda zarur to’lqinni topish uchun o’zakni chulg’am ichida surish kerak; 3) magnit Variometr yer magnit maydonining vaqt mobaynida o’zgarishlarini o’lchash uchun mo’ljallangan asbob. Variometrda sezgir magnit millar (strelkalar), magnitga to’yingan yoki kvant datchiklardan foydalaniladi; 4) tortishish (tortish) kuchini o’lchashga mo’ljallangan asbob.