«Varqa va Gulshoh»
«Varqa va Gulshoh» – sevishganlar haqidagi doston. Sharq xalqlari og’zaki va yozma adabiyotida keng tarqalgan, samimiy sevgi va sadoqat, insoniylik va ezgulik tarannum etilgan. «Varqa va Gulshoh» haqidagi ilk ma’lumot Ibn Qutaybaning «Kitob ul-she’r vash-shuaro» («she’r va shoirlar haqida kitob»)ida uchraydi. «Varqa va Gulshoh»ning mavzui 7-asrda Janubiy Arabiston qabilalari orasidagi afsona va rivoyatlarda uchraydi. Biroq ularda Varqa va Gulshoh nomlari yo’q. Ushbu nomda Ayuqiy, Abu Nosir Jomiy, Yusuf Maddoh, Mullo Ahmadjon, Masiqiy va boshqa shoirlar asar yaratganlar. Xalq og’zaki ijodida ham dostonning turli variantlari bor. Ularda oshiq-ma’shuqning fojiali taqdiri hikoya qilinadi. Yori visoliga yetisholmagan Varqa alam-iztirobda vafot etadi. Uning qabri tepasida Gulshoh ham jon beradi. Qabrlar ustidan ikki tup daraxt o’sib chiqib bir-biriga chirmashib ketadi. Bir avliyo tilovati bilan oshiq-ma’shuqlar tirilib, Murod-maqsadlariga erishadi. Bu mavzu turli variantlarda turlicha bayon qilinadi. «Varqa va Gulshoh»ning forschadan o’zbek tiliga nasriy va she’riy tarjimalari bor. Folklor varianti baxshi Rahmatulla Yusuf o’g’lidan yozib olingan.