Vattmetr

Vattmetr (vatt va… metr) — o’zgaruvchan va o’zgarmas tok elektr zanjiri quvvatini o’lchashda ishlatiladigan asbob. Elektrodinamik, ferrodinamik, induktsion, elektrostatik va issiqlik Vattmetrlari bor. Ishi ikki magnit maydonining o’zaro ta’siriga asoslangan. Aniq o’lchaydigan elektrodinamik Vattmetr qo’zg’almas g’altak 1, qo’zg’aluvchan g’altak 2, prujinalar 3 va havo tinchlantirgichi 4 dan iborat. Qo’zg’almas g’altak yo’g’on mis simdan kam o’ramli qilib yasaladi; u elektr zanjirga ketma-ket ulanadi. Bu g’altak Vattmetrning tok chulg’ami deb ataladi. Qo’zg’aluvchan g’altak ingichka simdan ko’p o’ramli qilib yasaladi va elektr zanjiriga parallel ulanadi. Bu g’altak Vattmetrning kuchlanish chulg’ami deb ataladi. G’altaklarda tok o’tganda magnit maydoni hosil bo’ladi va qo’zg’aluvchan g’altak qo’zg’almas g’altakka nisbatan vaziyatini o’zgartiradi. Qo’zg’aluvchan g’altak o’qiga mahkamlangan Vattmetr mili zanjirdagi quvvat qiymatini ko’rsatadi. Keyingi yillarda raqamli Vattmetrlar ishlab chiqarila boshlandi. Ularning asosini mikroprosessorlar va analog raqamli o’zgartirgichlar tashkil etadi. Ularning aniqpigi ancha yuqori, puxta ishlaydi. O’lchash natijalarini raqamlarda ko’rsatadi va boshqalar.