Venalarning varikoz kengayishi
Venalarning varikoz kengayishi (lotincha varix — venalarning kengayishi) — venalarning kengayib cho’zilishi va tugun-tugun bo’lib qolishi. Asosan yuza joylashgan venalar: oyoq, to’g’ri ichak, urug’tizimchasi va qizilo’ngachning shilliq qavati ostidagi venalar kengayadi. Vena devorining tug’ma zaifligi. mo’rtlashuvi, qopqoqlari (klapanlari) ning yetishmovchiligi tomirlarda qon oqishi maromini izdan chiqarib, ular ichidagi bosimning oshishiga olib keladi. Og’ir jismonny ish qilish, tik oyoqda ishlash (kasbga aloqador), chanoq venalarini homilali bachadon ezib qo’yishi va boshqa kasalliklar natijasida qon oqishining qiyinlashuvi sabab bo’ladi. Kengaygan venalar teri ostidan tugun-tugun (varikoz tugunlar) bo’lib, bo’rtib ko’rinib turadi. Kasallik asta-sekin paydo bo’ladi. Kengaygan venalar oyokda bo’lsa, bemor tik turganida yaqqol ko’zga tashlanadi. Venalari kengaygan joy terisining qon bilan ta’minlanishi buzilishi oqibatida shu soha terisi yupqalashib, rangi o’zgaradi, salga jarohatlanadigan bo’lib qoladi, keyinchalik shu joyda trofik yara hosil bo’lishi mumkin. Oyoq og’riydi, bemor tez charchaydi, og’riq ayniqsa uzoq turib qolganda yoki kechga borib zo’rayadi, oyoq shishib, yurish qiyinlashadi. Venalar juda kengayib, ularda qon oqishi qiyinlashishi, turli yallig’lanishlar va tromblar paydo bo’lishi mumkin. Davosi, odatda, kasallikning kechishiga bog’liq; engilroq xilida elastik bint bog’lash, maxsus paypoq kiyish, badan tarbiya, davo fizkulturasi, yengil gimnastika, shuningdek fizioterapevtik muolajalar, dori-darmonlar buyuriladi. Kasallik zo’rayib ketganda jarrohlik usuli qo’llaniladi. Oldini olish uchun yengil badan tarbiya mashqlarnni bajarish, ishdan keyin ozroq masofaga sekin piyoda yurib borish, organizmni chiniqtirish (cho’milish, quyoshda toblanish va boshqalar), vitaminlar qabul qilish lozim.