Veterinariya laboratoriyasi
Veterinariya laboratoriyasi — veterinariya xizmati tizimida hayvonlardagi kasalliklarni aniqlaydigan laboratoriya. Hayvonlarning kasalliklari va o’lish sabablarini aniqlash maqsadida turli xil ilmiy tadqiqot va kuzatish ishlari olib boradi. Veterinariya laboratoriyasida bakteriologik, serologik va gemotologik tahlillar bajariladi, Patologik material tekshiriladi, sut, go’sht va boshqa chorvachilik mahsulotlari sanitariya jihatdan tahlil qilinadi, kimyoviy va toksikologik tahlillar o’tkaziladi. Veterinariya laboratoriyasi kasalliklarning oldini olish va ularni davolash uchun antibiotiklar va boshqa preparatlar tayyorlaydi, veterinariya sohasidagi fan yutuqlari va ilg’or tajribalarni targ’ib qiladi. Veterinariya laboratoriyasi tekshirish va boshqa ishlarni o’zi xizmat qilayotgan hududdagi fermer, shirkat, aktsionerlik, jamoa xo’jaliklar va davlat veterinariya muassasalarining buyurtmalariga muvofiq bajaradi. Tayyorlangan antibiotik va boshqa har turdagi preparatlarni xo’jaliklarga sotadi. Go’sht-sut va oziq- ovqat nazorat stansiyalari ular qaramog’ida bo’lib, dehqon bozorlarida go’sht, sut va boshqa chorvachilik hamda dehqonchilik mahsulotlarini ekspertiza qiladi. O’zbekistonda 3 respublika Veterinariya laboratoriyasi (yuqumli kasalliklar diagnostikasi laboratoriya; o’ta xavfli kasalliklar laboratoriya; veterinariya Preparatlari laboratoriya), 13 viloyat, 126 tuman va tumanlararo, 246 veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari ishlaydi (2000).