Verxarn
Verxarn (Verhaeren) Emil (1855.21.5, Sent Aman — 1916.27.11, Ruan) — belgiyalik shoir, dramaturg, tanqidchi. Frantsuz tilida ijod qilgan. Luven universiteti yuridik fakultetini tugatgan. «Rohiblar» (1886) to’plamida o’rta asrlardagi rohiblarning yorqin yig’ma obrazi berilgan. «Oqshomlar» (1887), «Halokat» (1888), «qora mash’allar» (1890) asarlari dekadentlik she’riyati ruhiga yaqin, bularda turmushni fojiaviy tasavvur etish kuchli. «Telba qishloqlar» (1893), «g’ala-g’ovur shaharlar» (1895) to’plamlarida ijtimoiy ziddiyatlarning (shu jumladan, shahar va qishloq o’rtasidagi ziddiyatlarning ham) halokatli ekanligini anglash ifodalangan. «Turmush qirralari» (1899), «Bebosh kuchlar» (1902), «rang-barang yog’du» (1906) va boshqa to’plamlaridagi she’rlarida Verxarn insonning yaratuvchilik faoliyatini, ijodni, sevgi va qat’iyatni tarannum etadi. Verxarnning ishchilar hayotidan yozilgan «shafaqlar» pesasi (1898), atoqli rassomlar (X. Rembrandt, 1904; P. Rubens, 1910) va yozuvchilar (U. Shekspir, J. Rasin, V. Gyugo) haqida ilmiy tadqiqotlari bor.