Veterinariya akusherligi
Veterinariya akusherligi -klinik fan, jinsiy jarayonning norma va patologiya masalalari bilan shug’ullanib (urug’lantirish, otalanish, bo’g’oz bo’lish, tug’ish va tuqqandan so’nggi davr), shuningdek sut bezlari va yangi tug’ilgan hayvonlar kasalliklarini o’rganadi. Veterinariya akusherligi qishloq xo’jaligi hayvonlarini sun’iy qochirish nazariyasi va amaliyotini ishlab chiqadi, hayvonlarning tug’ishiga yordam berish va bosh sonini ko’paytirish yo’llarini o’rgatadi. Veterinariya akusherligi hayvonlar morfologiyasi, fiziologiyasi, biokimyosi, mikrobiologiyasi, zoogigiyenasi, xirurgiyasi va boshqa fanlarga tayanib ish olib boradi. Veterinariya sohasidagi olimlar hayvonlarning qisir qolishi, bola tashlashi va mastit kasalliklari tasnifini, bo’g’oz mollar diagnostikasining turli usullarini, jinsiy a’zo va tug’ruq yo’llarida sodir bo’ladigan kasalliklarni davolash yo’llarini ishlab chiqib, hayotga tatbiq etdi. Akusherlik muammolarining ilmiy asoslari bilan O’zbekiston Respublikasi veterinariya, chorvachilik ilmiy tadqiqot institutlari, Samarqand qishloq xo’jaligi instituti, shuningdek veterinariya laboratoriyalari shug’ullanadi.