Paleoekologiya

Paleoekologiya (Paleo… va ekologiya) — paleontologiya fanining bo’limi. Ko’hna geologik davrlarda yashagan hayvonot va o’simliklarning o’sha vaqt muhiti bilan o’zaro munosabatini, qirilib ketgan jonzotlarning hayoti va yashash sharoitlarini o’rganadi. Paleoekologiya cho’kindi yotqiziqlarini fasial taxlil qilishda muhim hisoblanib, ularning litologik tarkibi bilan uzviy bog’liqdir. Paleoekologiyaning rivojlanishiga rus olimi, paleontolog V. O. Kovalevskiy, belgiyalik olim L. Dollo va avstriyalik O. Abel katta hissa qo’shgan. Qadimgi organizmlar yashash sharoitini o’rganishda, asosan, ularning skelet qoldiqlarini o’rganish (morfo-funktsional analiz) usuli qo’llaniladi. Qadimgi hayvonlar yashagan sharoitlarini o’rganib, Paleoekologiya paleontologiya hamda geologiya uchun ba’zi foydali qazilmalar paydo bo’lishi sharoitlarini aniqlash va o’xshash sharoitlarda hosil bo’lgan turli foydali qazilmalar konini bashorat etishda qo’llanadi.