Qo’qon xonligi
Qo’qon xonligi – o’zbek xonliklaridan biri (18-19-asrlar). Poytaxti — Qo’qon. Minglar urug’idan bo’lgan Shohruxbiy 1709 yilda asos solgan. Bu davlat tarkibiga dastlab Qo’qon, Namangan. Marg’ilon, Konibodom, Isfara va ularning atrofidagi qishloqlar kirgan. Abdurahimbiy davrida Buxoro xonligiga harbiy yurish qilinib Samarqand egallanadi (1732). Abdulkarimbiy davrida 1746 yil qalmoqlar Farg’ona vodiysiga hujum qilib, O’sh, Andijon, Marg’ilon shaharlarini egallab, Qo’qonni qamal qilgan. Qo’qonliklar yordamga kelgan O’ratepa hokimi Fozilbiy qo’shinlari bilan birgalikda ularni Farg’ona vodiysidan quvib chiqarishgan. Norbo’tabiy davrida Chust va Namangan beklarining mustaqillik uchun ko’targan g’alayonlari bostirilgan. Mamlakatda sug’orish inshootlari barpo qilinadi, savdo va hunarmandchilik, Qo’qon xonligi birmuncha rivoj topadi va nisbatan arzonchilik bo’ladi. Norbo’tabiyning o’g’li Olimbek hukmronligi davrida Qo’qonning siyosiy mavqei yanada kuchaygan, harbiy islohot o’tkazilgan, Ohangaron vohasi, Toshkent, Chimkent va Sayram tobe etilgan, tashqi savdoga ham e’tibor kuchaytirilgan. 1805 yil davlat rasman Qo’qon xonligi deb e’lon qilinib, Olimbek «xon» unvonini olgan. Olimxonning markazlashgan kuchli davlat tuzish borasida qilayotgan harakatlari ayrim mansabparast zodagonlar guruhida norozilik kayfiyatlarini vujudga keltiradi. Natijada ular Olimxonning safardaligidan foydalanib 1810 yil Qo’qonda «Olimxon Toshkentda o’ldi», degan mish-mish tarqatishadi va uning ukasi Umarbekka toj kiygizadilar. Olimxon bundan xabar topib, Qo’qonga yo’l oladi, biroq u Oltiqush mavzeida otib o’ldirilgan. Umarxon davrida xonlik hokimiyatini mustahkamlash va kengaytirish choralari ko’rilgan. 1815 yil Buxoro xonligiga qarashli Turkiston, 1817 yil esa O’ratepa bosib olingan. Sirdaryo bo’yida bir qancha harbiy istehkomlar barpo etilgan; sug’orish inshootlarini kengaytirish, kanallar qazish, masjid va madrasalar qurishga e’tibor berilgan. Xususan, Qo’qon, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Sayram, Avliyoota (hozirgi Jambul)da masjid va madrasalar qurilgan. Mozorlar tartibga solingan. Umarxon hukmronligi davrida Qo’qon xonligida fan, adabiyot, san’at nisbatan yuksalgan. Bunda uning sevimli xotini — mashhur o’zbek shoirasi Nodirabetimning xizmati katta bo’lgan. Umarxonning o’zi ham «Amiriy» taxallusi bilan o’zbek va tojik tillarida g’azallar yozgan. Umarxon vafotidan so’ng uning 12 yoshli o’g’li Muhammad Alixon taxtga o’tirgan. Xon yosh bo’lganligi uchun davlatni dastlabki davrda onasi Nodirabegim boshqargan. Nodirabegim madaniyat va san’atni rivojlantirishga intilgan. 1826 yil Sharqiy Turkistonda xitoylarga qarshi bosh ko’targan musulmon aholiga yordam berish uchun qo’shin tortib borilgan. Natijada Xitoy hukumati Sharqiy Turkistonning 6 ta shahri (Oqsuv, Qashqar, Yorkend, Xo’tan va boshqalar) dan soliq olish huquqini Qo’qon xonligiga berishga majbur bo’lgan. Muhammad Alixon xonlik hududini kengaytirishga intilib, Janubiy Olay tog’ etagidagi Qorategin, darvoz, Shug’non, Ro’shon, Vohon bekliklarini bo’ysundirgan. Bu davrda xonlikda sug’orish ishlari ancha yo’lga qo’yilgan. Toshkent yaqinida Xonariq kanali qazilgan. Tashqi iqtisodiy-savdo aloqalari ham ancha yaxshilangan. Buxoro amiri Nasrullo bilan yuz bergan urushda (1840 yil) Muhammad Alixon engilib, Xo’jandni Amir Nasrulloga topshirishga va o’zini uning noibi deb tan olishga majbur bo’lgan. Ammo Buxoro — Qo’qon munosabatlari bundan keyin ham keskinlashgan. Natijada 1841 yil noyabr oyida Muhammad Alixon o’z ukasi Sulton Mahmud foydasiga taxtdan voz kechgan. Bu voqeadan xabar topgan Amir Nasrullo Qo’qonga bostirib kelib, uni talon-toroj qiladi. U shu qirg’in-barot davomida Muhammad Alini, uning ukasi Sulton Mahmudxonni, onasi Nodirabegimni va boshqa yuqori mansabdorlarni qatl ettiradi. Amir farmoni bilan Qo’qon xonligi Buxoro noibi tomonidan boshqarila boshlangan. Amir noibi Qo’qon xonligi aholisiga og’ir soliqlar yuklaydi. Natijada 1842 yil yozida qo’qonliklar qo’zg’olon ko’taradi, Amir Nasrulloga sodiq kishilarning ko’pchiligini o’ldiradilar va Norbo’tabiyning ukasi Hojibekning o’gli Sheralini xon qilib ko’tarishadi. Buni eshitgan Buxoro amiri Qo’qonga qo’shin tortib o’z hukmronligini qayta o’rnatish uchun uni qamal qiladi. Biroq qamalning qirqinchi kuni Xiva xoni Olloqulixonning Buxoro hududiga qilgan hujumi haqidagi xabarni eshitib, orqaga qaytishga maj-bur bo’lgan. Natijada qo’ldan ketgan ko’pgina hududlar (Xo’jand, Toshkent) yana Qo’qon xonligi ixtiyorida qoladi. Sheralixonning (1842-45) taxtga o’tirishida ko’makchi va xayrixoh bo’lgan qipchoqlardan Musulmonqul mingboshi qilib tayinlangan. Musulmonqul, asosan, harbiy ishlar bilan shug’ullangan va xon qo’shinlarining tarkibini ko’proq qipchoq yigitlari bilan to’ldirgan. Musulmonqul o’z mavqeidan foydalanib, Sheralixonga o’z ta’sirini o’tkazishga intilgan. Ammo xon bunga yo’l qo’ymaslikka intiladi. Musulmonqul xondan norozi bo’lib, boshqalarning qo’li bilan suiqasd uyushtirishga harakat qilgan. 1845 yil O’shda xonning soliq siyosatiga qarshi qo’zg’olon boshlanadi. Musulmonqul qo’zg’olonni bostirishga ketganida, uning sheriklari Olimxonning o’g’li Murodbekni Qo’qonga taklif qilib taxtga o’tqazganlar. Sheralixon o’ldirilgan. Taxtni saqlab qolish uchun Murodxon o’zini Buxoro amirining noibi deb tan olishga majbur bo’lgan. Musulmonqulni mingboshi lavozimida qolganligi haqida farmon chiqaradi va uning Qo’qonga qaytishini talab qiladi. Musulmonqul esa O’shdan Namanganga kelib qizini Sheralixonning o’g’li Xudoyorga turmushga beradi va u bilan Qo’qonga kelib, Murodxonni o’ldirib, yo’sh Xudoyorni xon deb e’lon qiladi. Musulmonqul xonning yoshligidan foydalanib xonlikni deyarli mustaqil ravishda o’zi boshqaradi, katta lavozimlar qipchoqlarga ulashib beriladi. Natijada Musulmonqulga qarshi xonlik hududida norozilik harakati kuchaydi va u mingboshilikdan bo’shatiladi. Musulmonqul o’z mavqeini tiklamoqchi bo’lib, ruslar bilan aloqa o’rnatishga intiladi va ruslarning vakili V.V.Velyaminov-Zernov bilan 1853 yil bahorida maxfiy uchrashadi. Musulmonqulning rus qo’mondoni vakili bilan uchrashgani va hokimiyatni o’z qo’liga olmoqchi bo’lganligidan xabar topgan o’zbek va qirg’iz zodagonlari (Muhammad Niyoz Qushbegi, Muhammad Rajab Qo’rboshi, Muhammad Yoqubbek qushbegi va boshqalar) qipchoqlardan qutulish yo’lini axtarib Xudoyorxonni o’zlari tarafga og’dirib, 1853 yil qipchoqlar qirg’inini boshlab yuborishgan. Musulmonqul asirga olinib, qatl qilingan. Biroq Qo’qon xonligida o’zaro taxt uchun kurashlar tinchimagan, yuqoridagi harbiy amaldorlar Xudoyorxonga qarshi fitna tayyorlaganlar, biroq u muvaffaqiyatsiz chiqqan. Qisqa vaqt ichida xonlar bir necha marta almashgan (1852-62 yillarda Sheralixonning o’g’li Mallaxon, 1862-63 yilda Shohmurodxon, 1863 yil may-iyunda yana Xudoyorxon, 1863 yil iyul — 1865 yillarda Mallaxonning o’g’li Sulton Sayidxon xon bo’lgan). 1865 yil Qo’qonda qipchoq va qirg’izlar Xudoyqulbekni tantanavor ravishda xon deb e’lon qiladilar. U atigi 14 kungina xonlik qiladi, so’ngra barcha xazinani va qimmatbaho narsalarni olib, Qashqarga qochib ketgan. Xudoyorxon hech qanday qarshiliksiz Qo’qon taxtini qayta egallagan (1865— 75). Bunday beqaror ichki vaziyatdan foydalangan Rossiya Qo’qon xonligiga qarshi istilochilik harakatlarini boshlab yuborgan. Natijada 1853-65 yillar davomida Oqmachit, To’qmoq, Pishpak, Avliyoota, Turkiston, Chimkent, Toshkentni va ularning atrof hududlarini bosib oladi. 1867 yil 14 iyulda imperator Aleksandr II Turkiston harbiy okrugini ta’sis etdi va O’rta Osiyoda bosib olingan va saltanat tarkibiga kiritilgan hududlar hisobidan Turkiston general-gubernatorligini tashkil qildi. Chorizm bosqini tufayli Qo’qon xonligi chegaralari ancha qisqarib ketdi. Xazinaga tushadigan daromadlar keskin kamaydi. Xon xazinani to’ldirish uchun yangidan qo’shimcha soliqlar joriy etdi. Xalq bundan norozi bo’lib 1871 yil So’xda g’alayon ko’taradi. Bu g’alayon qurolli qo’zg’olonga aylanib ketdi. O’rta Osiyo tarixida eng uzoq davom etgan «Po’latxon» qo’zg’oloni bo’lib o’tadi. Rus qo’shinlari qo’zg’olonchilarni yengdilar va Po’latxon asirga olindi. U 1876 yil 1 mart oyida Marg’ilon shahrida dorga osiladi. Chor qo’shinlari Qo’qon xonligini bosib olib, xonlikni rasman bekor qiladilar va o’rniga Farg’ona viloyatini ta’sis etadilar. Qo’qon xonligida quyidagi mansablar mavjud bo’lgan: mingboshi, otaliq, shayxulislom, qozikalon, qushbegi, mehtar, parvonachi, naqib, dodxoh, eshik og’asi, inoq, shig’ovul, to’qsoba, miroxur, qoravulbegi va boshqalar. Qo’qon xonligida mavjud bo’lgan harbiy unvonlar quyidagicha bo’lgan: mingboshi — odatda, u vazirlik vazifasini birga olib borgan. Keyin ponsadboshi, yuzboshi, ellikboshi, o’nboshi, zambarakchi va boshqalar. Bulardan tashqari, boshqa harbiy mansablar ham bo’lgan. Qo’qonda yashagan sarboz va to’pchilar faqat alohida vazifadagi noib, dodxohning doimiy tasarrufida bo’lganlar. Urush davrida noib, dodxoh o’z qismiga harakatdagi qo’shinning hamma sarbozlarini qabul qilgan, unga vaqtinchalik boshchilik qilishni maxsus tayinlangan amiri lashkar (bosh qo’mondon)ga topshirardi. 19-asrning 1-yarmida Qo’qon xonligi tarkibiga quyidagi hududlar kirardi: Sirdaryoning so’l sohili bilan Qorategin oralig’idagi Qo’qon viloyati; Sirdaryoning o’ng sohilidan to Olatovgacha bo’lgan Namangan viloyati; Xo’jand shahri; Xo’jand bilan Toshkent oralig’idagi O’ratepa viloyati. Xonlikning eng shimoliy viloyati Turkiston, Betpaq-dala sahrolariga borib taqalardi. Bundan tashqari, xonlik tarkibiga olay hududi, Balxash ko’li bilan Sirdaryoning yuqori oqimi oralig’idagi yerlar kirardi. Billurtog’ning g’arbiy tomonidagi Qorategin, Darboz, Ko’lob, Shug’non singari bir qator tog’li tumanlar ham Qo’qon xonligiga tegishli edi. Bu yerlarni qo’qonliklar 19-asrning 30-yillarida bo’ysundirishgan bo’lsada, ular tez-tez qo’ldan-qo’lga, ko’proq Buxoro amiri ixttiyoriga o’tib turardi. Qo’qon xonligi aholisining soni 3 millionga yaqin edi. Chorizm qo’shinlari uning shimoliy- g’arbiy viloyatlarini bosib olgach, xonlik hududi ancha qisqarib, asosan, Farg’ona vodiysi bilan cheklanadi va aholi soni taxminan 2 millionga tushib qoladi. Qo’qon xonligining aholisi, asosan, o’zbeklar, tojiklar, qirg’izlar, qozoqlar, uyg’urlar, qoraqalpoqlardan iborat edi. Qo’qon xonligida ham erga egalik qilish va undan foydalanish turli xil bo’lgan. Xonlikka qarashli bo’lgan yerlar amlok yerlar, vaqf yerlari, mulki xiroj va mulki ushriyaga taqsimlangan. Dehqonlar o’rtasida yakka dehqon xo’jaligi ham rivojlangan. O’z yerlaridan ajralgan kambag’al dehqonlarning ko’pchiligi yirik yer egalari qo’lida chorakorlik qilganlar. Yerning bahosi uning unumdorligi va qanchalik suv bilan ta’minlanganligiga qarab belgilangan. Xonlar sug’orish tarmoqlari katta daromad manbai bo’lganligi sababli ma’lum darajada ularni saqlashga, sug’orish inshootlarini yanada kengaytirishga yaxshi e’tibor berishgan. Qo’qon xonligida ko’plab paxta va poliz ekinlari yetishtirilgan, bog’dorchilik hamda pillachilik taraqqiy etgan. Hunarmand-kosibchilik mazmunan boy va serqirra bo’lgan. Bular: misgarlik, zargarlik, o’ymakorlik, harbiy qurol ishlab chiqairish, sopol va ko’zagarlik, qog’ozgarlik, badiiy to’qimachilik, do’ppichilik, kashtachilik, ko’priksozlik, temirchilik va sh.k. Bulardan tashqari, xonlikda yer osti boyligi ham ma’lum darajada qazib olingan. Ammo ularni ishlab chiqarish sodda va kam ediki, ular ehtiyojni qondira olmasdi. Masalan, xonlikda ishlab chiqarilgan metall Rossiyadan olib kelingan metalldan qimmatga tushardi. Qo’qon xonligida ishlab chiqilgan mahsulotlar esa chet ellarga ham olib chiqilar edi va ularga talab ham bor edi. Shuning uchun bu soha ma’lum darajada rivojlana borgan. Savdo-sotiq Qo’qon xonligi hayotida katta va muhim o’rin egallagan. U ichki va tashqi savdoga bo’lingan. Osiyo xonliklarida ichki savdo, asosan, qad. davrdan beri o’zaro ko’chmanchi chorvador, o’troq dehqonlar va shahar-qishloq hunarmandlari mahsulotlariga asoslangan edi. Aholi o’zining ehtiyojlarini asosan o’z xonligidagi mahsulotlar bilan qondirishgan. Qo’qon xonligining iqtisodiy hayotida Buxoro, Xiva, Qashqar, Hindiston, Afg’oniston, Eron va ayniqsa, Rossiya bilan bo’lgan tashqi savdo katta o’rinni egallagan. Rossiya bilan olib borilgan savdo munosabatlari Qo’qon xonligi qishloq xo’jaligi ayrim tarmoqlarining rivojlanishiga olib keldi va rus madaniyatining ba’zi jihatlari aholi turmush tarziga kira boshladi. Qo’qon xonligi Rossiyaning xom ashyo bazasiga va tashqi savdo bozoriga aylana bordi. Rossiya sanoati tovarlarining olib kelinishi mahalliy sanoat korxonalarini va ayrim hunarmandlarning inqirozga uchrashiga sabab bo’ldi. Qo’qon, Marg’ilon va Namangan shaharlarida ip va ipak matolar (atlas, shoyi, beqasam, adras, chit, bo’z va boshqalar) to’qilgan. Shuningdek, boshqa hunarmandchilik tarmoqlarida-xo’jalik asboblari, dehqonchilik uchun kerakli uskunalar, qurol-yaroqlar, zargarlik buyumlari, qog’oz va boshqa narsalar ishlab chiqarilgan. Yer osti boyliklaridan neft, oltin, kumush, mis, rux, temir, qo’rg’oshin va boshqalar ham ma’lum miqdorda qazib olingan. Xonlikda paxta va poliz ekinlari yetishtirilgan, bog’dorchilik va pillachilik ham taraqqiy etgan. Qo’qon xonligidan chet davlatlarga quritilgan mevalar, jun, teri, ipak, gilam, paxta va ipak matolar chiqarilgan. tashqi mamlakatlardan esa turli metall rudalari, metall buyumlar, qand va boshqa mahsulotlar keltirilgan. Madaniyati. Qo’qon xonligining 18-19-asrlar 1-yarmida kechgan madaniy hayotida ham sezilarli ijobiy o’zgarishlar va siljishlar yuz berib borganligi ayondir. 19-asrda Qo’qon xonligida tarixnavislik sezilarli ravishda o’sib borgan. Oldinlari yozilgan bir necha tarixiy asarlar fors va Arab tillaridan o’zbek tiliga tarjima qilindi va yangi kitoblar yozildi. Bu yangi asarlarning o’ziga xos xususiyatlari ham bor edi — ularning ayrimlari she’riy yoki qisman she’riy yo’lda yozildi. Bu esa qo’qonlik tarixchilarning adabiyotni yaxshi bilibgina qolmay, o’zlari ham she’riyatda qalam tebratganliklarini ko’rsatadi. Masalan, «tarixi jahonnamoyi» (Junayd Mullo Avazmuhammad Mullo Ro’zi Muhammad so’fi o’g’li), «Shohnoma» (Abdulkarim Fazliy Namangoniy), «Shohnomayi Umarxoniy» (Mirzo Qalandar mushrif Isfaragiy, u Fazliy Namangoniyning «Zafarnoma» asarini nasriy qilib yozgan). «Muntaxab attavorix» (Xo’ja Muhammad Hakimxon-to’ra bin Sayid Ma’sumxon), «Tarixi Shohruxiy» («tarixi sayyidi Xudoyorxon», Mullo Niyoz Muhammad Xo’qandiy Niyoziy bin mullo bin Ashur Muhammad Xo’qandiy), «tarixi jadidai Toshkand (Muham-mad Solihxo’ja ibn Qorixo’ja), «Shohnoma» (Mahzun Ziyovuddin Xo’qandiy), «Jangnomai Xudoyorxon» (Shavqiy Namangoniy) va boshqalar. 19-asr boshlarida shakllangan Qo’qon adabiy muhiti ham xonlikning madaniy hayotida katta o’rin tutgan. Qo’qon hukmdorlarining qator namoyandalari Temuriylar an’anasini davom ettirib, o’zlari ham ilm-ma’ridat bilan shug’ullanib, bu sohani ravnaq topdirishga katta sa’y-harakat qilganlar. Ayniqsa, bunda Qo’qon xonlaridan Umarxon (1810-22) va Muhammad Alixon (1822-41) davrlari yaqqol ajralib turadi. Xususan, Akmal (Maxmurning otasi), Amiriy (Qo’qon xoni Umarxon), Boqixonto’ra, Muhammad Sharif, Gulxaniy, Maxmur (Mahmud), Muntazir, Nizomiy Xo’qandiy (asl nomi Nizomiddin Muhammadaminxo’ja o’g’li), Nodir, Nozil Muhammad Avaz, Avazmuham-mad Yormuhammad o’g’li Pisandiy, Fazliy Namangoniy, G’oziy singari shoirlar xalq ichida mashhur edilar. Qo’qon adabiy muhitining yana bir muhim xarakterli jihati shundaki, bu davrda o’zbek va fors-tojik tilida bab-baravar qalam tebratgan bir qator taniqli va mashhur o’zbek shoiralari iste’dodi keng rivoj topdi. Masalan, Dilshod otin, Zebuniso, Zinnat, Mohzoda Begim, Mahzuna, Mushtariy, Nodira, Nozuk Xonim, Uvaysiylarning ijodi ayricha ahamiyatga molikdir. Qo’qon adabiy muhitining samarali ta’siri o’laroq bu yurtdan keyinchalik Muqimiy, Furqat, Zavqiy va boshqalar yetuk badiiy so’z san’atkorlari yetishib chiqdilar va o’z xalqining erki, hurligi va ozodligi uchun xizmat qildilar. Umuman olganda, 19-asrning o’rtalariga kelib, O’rta Osiyo xonliklarida adabiyot va tarixshunoslik bilan bir qatorda matematika, tibbiyot, geografiya, astronomiyaga oid hamda diniy asarlar yaratildi. Bu xonliklarda miniatyura va xattotlik san’ati ham o’z o’rniga ega. Bu davrning madaniy hayotida dorbozlik, askiya, qo’g’irchoq teatri, masxa-rabozlik, ayniqsa, bastakorlik birmuncha rivojlandi. Qo’qon xonligining barcha bekliklarida madrasa, maktab va qorixonalar mavjud edi. Madrasalarda ham diniy, ham dunyoviy fanlar bo’yicha tanilgan mudarrislar, olimlar bor bo’lganligi uchun ham bu erga turli mamlakatlardan ko’plab talabalar kelib o’qishgan. Ad.: Bobobekov H., Qo’qon tarixi, T., 1996. Haydarbek Bobobekov.