Qo’sh

Qo’sh — omochga qo’shilgan bir juft (ba’zan bitta) ho’kiz yoki ot. O’rta Osiyo xonliklarida bir juft ho’kiz yordamida haydab ekish mumkin bo’lgan yer maydoni ham odatda Qo’sh deyilgan. Bunda bug’doy yoki arpa ekish uchun haydalgan yer taxminan 6-7 gektar, paxta uchun esa 2-3 gektarga teng bo’lgan. Har bir Qo’sh yerdan olingan yer solig’i Qo’sh puli deb atalgan. Mazkur soliqning hajmi va qaysi shaklda undirilishi har yerda turlicha bo’lib, u ekilgan ekin navi, yetishtirilgan hosil hajmi, yer sifati va boshqa omillarga bog’liq bo’lgan. Turkiston ASSR va keyinchalik O’rta Osiyo respublikalarida tuzilgan dehqonlarning ommaviy tashkiloti esa «Qo’shchi» uyushmasi (soyuzi) deb atalgan.