«Vaqt» milliy depozitariysi
«Vaqt» milliy depozitariysi — qimmatli qog’ozlarni hisobga olish, saqlash va muomala harakatlarini qayd etish, mijozlarning qimmatli qog’ozlarga egalik huquqini hisobga olish bilan shug’ullanadigan muassasa. «Vaqt» milliy depozitariysi O’zbekistan Respublikasi fond bozorlaridagi qimmatli qog’ozlar (aktsiya, veksel va boshqalar) muomalalarida ularning harakati, saqlanishi va hisobi bilan birga aktsiyadorlik jamiyatlari, xususiylashtirish investitsiya fondlari, brokerlik idoralari va boshqalarga depozitariy xizmatlari ko’rsatadi. Mazkur depozitariy O’zbekiston Respublikasida ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. O’rta Osiyodagi eng yirik depozitariy. Bosh idorasi Toshkent shahrida joylashgan. 1994 yil 8 iyunda tashkil etilgan. Viloyatlarda 12 filiali ishlaydi. O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo’mitasining vakolatli depozitariysi hisoblanadi. Mijozlarga 70 dan ortiq turli depozitariy xizmatlari ko’rsatadi va respublikada mavjud bo’lgan boshqa 6 mustaqil depozitariy ishini muvofiqlashtiradi. «Vaqt» milliy depozitariysi O’zbekistan hududidagi depozitariylar faoliyatini muvofiqlashtirish, xorijiy depozitariylar bilan muxbirlik aloqalarini o’rnatish va hamkorlikda ish yuritish, qimmatli qog’ozlar bozori qatnashchilarini ma’lumotlar bilan ta’minlash; milliy va xorijiy qimmatli qog’ozlar (aktsiya, veksel, obligasiya, sertifikat va boshqalar)ni joylashtirish, saqlash, hisobga olish, ularni O’zbekiston fond bozoridagi harakatini tartibga solish (qimmatli qog’ozlar soxtalashtirilishi oldini olish, ta’minlanmagan va qayd etilmagan aktsiyalarning bozorga chiqmasligini 100% kafolat bilan nazorat etib borish), shuningdek mulk egalarining o’z ixtiyoridagi qimmatli qog’ozlarni sotish, sovg’a qilish, garovga berish, meros qoldirish va sh.k.ni hisobga olish va boshqa vazifalarni bajaradi. Depozitariy xalq xo’jaligining barcha tarmoqlaridagi 4,8 ming aktsiyadorlik jamiyatlariga qimmatli qog’ozlar bo’yicha, shuningdek 246 brokerlik idoralari, 13 reestr kompaniyalari va boshqa 80 dan ortiq xususiylashtirish investitsiya fondlariga depozitariy xizmatlari ko’rsatadi. O’zbekiston xududida chiqarilgan aktsiyalarning 66% milliy depozitariyda, 32% uning filiallarida saqlanadi va harakati nazorat qilinadi (1990-yillar oxirlari). O’zbekistonda mavjud 19 depozitariylarda (Toshkent shahridagi bosh idora va 12 hududiy filiallar, shuningdek 6 mustaqil depozitariy) jami 818 ming depo hisob varaqalari ochilgan. Mahmud Kosimov.