Xudoyorxon o’rdasi
Xudoyorxon o’rdasi – Qo’qondagi me’moriy yodgorlik (19-asr 2-yarmi); Qo’qon xoni Xudoyorxon qurdirgan. Me’mor va muhandis Mir Ubaydulla loyihasi va rahbarligida bunyod etilgan; ustalardan Mulla Suyarqul, Solixo’ja va buxorolik usta Fozilxo’jalar qatnashgan, koshinlarini rishtonlik kulol usta Abdulla mahorat bilan bajargan. Xudoyorxon o’rdasi to’g’ri to’rtburchak tarhli (68×143 metr) bo’lib, sun’iy tepalikka baland g’ishtin poydevorli qilib qurilgan: xon qarorgohi, O’rda ahli yashaydigan hamda turli maqsadlarda foydalaniladigan 100 ga yaqin katta-kichik xonalar, ichki-tashqi hovlilardan iborat bo’lgan. Birinchi hovlida ayvon, ko’rinishxona, xazinaxona, alohida saxdli masjid, markazda xon qarorgohi (shohnishin), salomxona, xo’jalik binolari, ikkinchi hovlini uning sahni bilan bog’langan Haram va xos xonalar egallagan; haramxonalari bezaklari odmi bo’lib, asosan, quyma ganch ishlatilgan, haramxonalariga ayvonchaga o’xshash o’tish joylari (yo’laklar) orqali kirilgan. Xudoyorxon o’rdasining asosiy Sharqiy tomonini tashkil etuvchi peshtoqgumbazli darvozaxona hamda uning ikki qanotida joylashgan xonalargina saqlangan, qolgan qismi buzilib ketgan. Bosh tarzi bir qavatli qilib bunyod etilgan, pishiq g’ishtdan (26x26x5 santimetr) ganch suvoqda terilgan devorlarga bir g’isht chuqurligida ravoqlar ishlangan. Peshtoq O’rda devoridan birmuncha bo’rttirib oldinga chiqarib qurilgan, baland va hashamatli, peshtoqning ikki yoni va tarzlarining ikki burchaklarida gumbazli mezanalar bilan yakunlangan guldastalar bor. Peshtoqqa uzunligi 40 metr bo’lgan qiya yo’lka (pandus) orqali o’tiladi. Xudoyorxon o’rdasi bosh tarsi ravoqdari, peshtoq va guldastalaridagi handasiy naqshlar koshinlar, sirkori parchinlardan mahorat bilan yaratilgan. Peshtoq orqali to’rtburchak tarhli darvozaxonaga o’tiladi, darvozaxona gumbazi o’zaro kesishgan ravoqli asos ustiga qo’yilgan; gumbaz usti, o’z navbatida, qubbali mezana bilan yakunlangan, undagi panjarali darchalar orqali ichkariga yorug’lik tushadi. O’rdaning bosh tarzi, xonalar koshinlar, o’yma ganchkori naqshlar bilan bezatilgan, shiftlari hovuzakli bo’lib, ularga gullar solingan, xonalarning tepa qismi sharafalar bilan hoshiyalangan, ayrim xonalarning poliga parket terilgan, ayvonlar sahniga Marmar yotqizilgan, devorlariga ravoqlar ishlanib, naqshlar bilan ziynatlangan. 1938 yil Xudoyorxon o’rdasida me’mor Obid Zayniddinov boshchiligida ta’mirlash loyihasi ishlari olib borildi; ta’mirlashda usta Q. Xaydarov, naqqosh S.Norqo’ziyev va boshqa ustalar qatnashdi. 1974 yildagi ilmiy ta’mirlash va loyihalash ishlari (me’mori N. Akromxo’jaev, E. Nurullaev va boshqalar) natijasida saroyning dastlabki holati aniqdandi. 1924 yilda Xudoyorxon o’rdasida qishloq xo’jalik yutuqlari ko’rgazmasi ochilgan, 1925 yildan Qo’qon shahar o’lkashunoslik muzeyi faoliyat ko’rsatib kelmoqda.