Xurrak, xurrak otish
Xurrak, xurrak otish — nafas yo’lidan o’tayotgan havo oqimi ta’sirida hosil bo’ladigan tovush. Bunga kichik tilchaning havo o’tayotganda tebranishi, ya’ni vibratsiyasi sabab bo’ladi. Og’izni ochib (ba’zan og’iz yumuq bo’lganda ham) va chalqancha yotib uxlaganda kishi Xurrak otadi, chunki bunda yumshoq tanglayning o’ta bo’shashishi uchun sharoit yaratiladi. Burunhalqum tuzilishidagi o’ziga xos tug’ma xususiyatlar yoki surunkali yallig’lanish kasalliklari: Shumov, gaymorit, tonzillit, pnevmoniya, astma, shuningdek, burun poliplari va adenoidlar ham Xurrak otishga sabab bo’ladi. Ba’zi kasalliklarda, masalan, difteriyadan so’ng paydo bo’lgan yumshoq tanglay falajida, miyaga qon quyilganda, miya ezilganda ham bemor Xurrak otishi mumkin. Ko’p Xurrak otadigan odam yonboshlab yotishga, yostig’i iloji boricha baland bo’lishiga harakat qilishi lozim; mexanik mikromassaj, issiq qilish, ultratovush, lazer kabi muolajalar yaxshi naf beradi. Burundan normal nafas olishni tiklash maqsadida ba’zan xirurgik operatsiya qo’llanadi.