Xatirchi tumani

Xatirchi tumani – Navoiy viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1927-30 yillarda Zarafshon okrugidagi tuman, 1938 yildan Samarqand viloyati, 1982 yildan Navoiy viloyati, 1989 yildan Samarqand viloyati, 1992 yildan Navoiy viloyati tarkibida. Shimoldan Nurota, Janubi sharqdan Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on, shimoli sharqdan Qo’shrabot, Janubdan (Zarafshon daryosi orqali) Narpay va Paxtachi tumanlari, g’arbdan Navoiy viloyatining Navbahor tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,37 ming km2. Aholisi 143,9 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Yangirabot), 1 shaharcha (Langar), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Bog’chakalon, Olchinobod, Oxunboboyev, Oqoltin, Po’lkan shoir, Xonaqa, Yangiyo’l, Krracha) bor. Markazi — Yangirabot shahri. Tabiati. Shimoliy qismi Nurota tog’ tizmasi va tog’ etagi qiya tekisligidan iborat, Janubiy qismi Oqdaryo, Qoradaryo va qisman Zarafshon daryosi vodiylarini o’z ichiga oladi. Iqlimi kontinental, yillik o’rtacha temperatura 13,5°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -1,7°, eng past temperatura -33°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28,7°, eng yuqori temperatura 44°. Vegetatsiya davri 212 kun. Yillik yog’in miqdori, shimoliy tog’lik qismida 300 mm, Janubdagi tekislikda 200 mm. Suv resurslari Qoradaryo, Oqdaryo, Zarafshon va bir necha soylardan iborat. Tuproqlari tog etaklari tipik bo’z, och bo’z tuproqlar. Janub qismida sug’oriladigan bo’z, allyuvial, o’tloqi va o’tloqibotqoq tuproqlar tarqalgan. Tog’ etaklaridagi qiya tekisliklarda chorvachilik va tokchilik rivojlangan. Yovvoyi o’simliklardan daryo terrasalari va qayirlarida qamish, ro’vak, bug’doyiq, sho’rajriq, kampirsoch, itgunafsha, suvrang, yulg’un va boshqalar, Nurota tog’lari etaklarida rang, yaltirbosh, chalov, karrak, kiyik o’ti, oq safrak, gulxayri, betaga; bahorda efemerlar o’sadi. Butalardan do’lana, pista uchraydi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, chiyabo’ri, quyon, jayran, tog’ echkisi va to’qayzorlarda qirg’ovul, loyxo’rak, o’rdak, Lochin, bulduruq, qirg’iy, so’fito’rg’ay, chumchuq, chug’urchiq, zarg’aldoq; sudraluvchilardan gekkonlar, toshbaqa, sariq ilon, kobra, echkemar; kemiruvchilardan jayra, ko’rsichqon, kichik qo’shoyoq, qumsichqon, tipratikan, kalamush va boshqalar uchraydi. Nurota tog’ining yon bag’rida. Langar koni bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar (99, 1%), shuningdek, tojik, rus, ukrain, tatar, Ozarbayjon, qozoq va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 105 kishi. Shahar aholisi 20,2 ming kishi, qishloq aholisi 123,7 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tumanda 2,1 ming korxona ro’yxatga olingan (2004). 55 kichik, 32 o’rta, 109 yirik korxona, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. Xatirchi tumanida «Langaruzros» qo’shma korxonasi ishlab turibdi (2003). Xatirchi paxta tozalash zavodi, non kombinati, qurilish tashkilotlari, MTP va boshqalar bor. Qishloq xo’jaligi, asosan, paxtachilikka ixtisoslashgan. Tumanda 300 ga yaqin dehqon, 907 fermer, 17 shirkat xo’jaliklari mavjud (2003). Ekin maydonlariga paxta, don, ozuqa, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari ekiladi. Shu jumladan, 12,3 ming gektar yerda paxta, 10,3 ming gektar yerda g’alla yetishtiriladi (2004). Bog’dorchilik (bodom, yong’oq, anor, o’rik, anjir va boshqalar), tokchilik rivojlangan. 19,9 ming gektar yer o’rmonzor (2004). Tutzorlar ham bor. Ipakchilik bilan shug’ullaniladi. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 56,8 mingga yaqin qoramol (shu jumladan, 33,1 mingdan ziyod sigir), 86,7 mingga yaqin qo’y va echki, 38 mingga yaqin parranda, 853 yilqi boqiladi (2003). Tumanda 85 umumiy ta’lim maktabi (44 mingga yaqin o’quvchi), shu jumladan, 1 litsey (245 o’quvchi), bolalar musiqa va san’at maktabi, 4 kasb-hunar kolleji (2000 dan ziyod o’quvchi), 23 klub muassasasi, 35 kutubxona, muzey, madaniyat va istirohat bog’i, madaniyat saroyi ishlab turibdi (2004). Xatirchi tumanida Markaziy stadion, bir qancha sport inshootlari, sport maydonlari va sport zallari faoliyat ko’rsatadi. Markaziy kasalxona, tug’ruqxona, poliklinika, qishloq vrachlik punktlari, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 244 vrach xizmat qiladi. Oltinsoy sanatoriysi mavjud. Tuman markazi bilan Navoiy shahri o’rtasida avtobus qatnaydi. «Xatirchi hayoti» tuman gazeta (avvalgi «Yangi hayot») 1998 yildan nashr qilinadi (adadi 7300 ga yaqin).