Xantal, gorchitsa

Xantal, gorchitsa — karamdoshlar oilasining Sinapis va Brassica turkumiga mansub bir va ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi; moyli ekin. Vatani — O’rta dengiz bo’ylari. Yevropa, Shimoliy Afrika va Osiyoda tarqalgan. Sinapis turkumi 7-10 turni o’z ichiga oladi. Oq Xantal turi (S.alba) O’rta dengiz mamlakatlarida o’stiriladi, asosan, G’arbiy Yevropada ekiladi. Bo’yi 25— 100 santimetr, poyasi tik o’sadi. To’pguli ko’p gulli, ikki jinsli, o’zidan hamda chetdan changlanadi. Mevasi qo’zoqcha. Urug’i och sariq yoki och jigarrang, ta’mi achchiq, efir hidi keladi. Yovvoyi Xantal yoki dala Xantali (S.arvensis) bir yillik (bahorgi ekinlar dalalarida o’sadigan) begona o’t. Yevropa, Shimoliy Afrika va Osiyoda tarqalgan. Qora Xantal (S.nigra) qo’zoqlari poyaga yopishgan. Kichik Osiyo, Yevropa va Amerikada ekiladi. Xabashiston Xantali (B.carinata) Efiopiyada ekiladi. Xantal namsevar, sovuqqa chidamli, uzun kun o’simligi. O’suv davri 95-120 kun. Xantal urug’idan non, qandolatchilik, konserva, parfyumeriya sanoatida ishlatiladigan sifatli moy olinadi (35— 40%). Xantal kunjarasidan olinadigan kukundan tibbiyotda ishlatiladigan xantalli qog’oz va iste’mol kilinadigan ziravor bo’tqa tayyorlanadi. Xantalning ildizmevali va bargli navlari sabzavot o’simligi hisoblanadi. Hamma Xantallar asal beruvchi ekin. Halima Otaboyeva.