Xofman (Gofman) Roald

Xofman (Gofman) Roald (1937. 18.7, Zlochev, Polsha) — amerikalik kimyogar. AQSh Milliy Fanlar Akademiyasi a’zosi (1972). Kolumbiya universitetini tugatgan (1958). 1965 yilgacha Garvard universitetida ishlagan, 1965 yildan Kornell universitetida ishlaydi (1968 yildan professor). Asosiy ilmiy tadqiqotlari kimyoviy kinetika va kimyoviy reaktsiyalar mexanizmini o’rganishga oid. R.B.Vudvord bilan hamkorlikda moslashgan reaktsiyalar uchun orbital simmetriyaning saqlanish qoidasini (Vudvord— Xofman qoidasi) taklif qilgan (1965). Kimyoviy o’zgarishlar yo’lidagi energetik g’ovlar shakllanishining fizik mohiyatini aniqlagan (1970). Stereokimyo va kompleks birikmalar sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirgan (1978— 80). Nobel mukofoti laureati (1981; K. Fukui bilan hamkorlikda).