Xorazm teatri, Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama teatri

Xorazm teatri, Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama teatri — O’zbekistondagi ko’hna teatrlardan biri. 1922 yil 2 martda «hukumat uyi» nomi bilan Hamza boshchiligida tashkil bo’lgan. Yetuk san’atkor Masharif Polvonov rahbarligida teatr poydevorini yaratgan 12 kishidan iborat (Safo Mug’anniy, Q. S. Saroymonov, U. Qurboniy, R. Yusupov, O. Bekchurina, M. Yoqubov (Sheroziy), Q. Qutliev, M. Xarratov, Sh. Saloev, J. Qalantarov va boshqalar) truppa o’z faoliyatini kichik asarlar sahnalashtirishdan boshlagan. Hamza o’z asarlari asosida sahnalashtirgan «boy ila xizmatchi», «Tuhmatchilar jazosi», «zaharli hayot», «Farg’ona fojialari», «qarmoq», «telefon», Mannon Uyg’urning «Turkiston tabibi», G’ulom Zafariyning «Erk bolalari» kabilar teatrda qo’yilgan ilk spektakllar bo’lib, bosh rollarni Masharif Polvonov, Yoqub Devonov, Oysha Bekchurina, Xanskiy, Xanskaya singari aktyorlar ijro etganlar. 1933 yil Xorazm markazi Urganchga ko’chirilishi munosabati bilan teatr ham Urganchga ko’chirilib, Xorazm okrug davlat musiqali drama teatri nomini olgan. Respublikaning turli viloyatlaridan iste’dodli san’atkorlar jalb etildi. M. Sheroziy, R. Omonov, K. Rahimov, Q. Iskandarov, Q. Boyjonov, M. Safoev, O. Xudoyorova, M. Xudoyorov, S. Devonov, S. Hojieva, O. Ro’zmetova, R. Musaev, S. Musaeva, V. Fayozov, O. Qorieva, Z. Qobulov, Tamaraxonim, A. Turdiev, Oxunjon tsizis, S. Olimov, Sh. Ramazonov va boshqalar shular jumlasidan. 2-jahon urushi yillari teatr jamoasi harbiy qismlarga xizmat qildilar. Urushdan keyingi yillar M. Sheroziy, H. Boltaev, K. Otaniyozov, V. Fayozov, Q. Boyjonov, N. Boltaev, N. Yusupova, S. Rahimova, S. Devonov, M. Raximov, Z. G’afforova, R. Otajonova, R. Boyjono- va, M. Yusupovdek san’at atkorlar teatrni yuksak pog’onalarga ko’tardilar. «Makr va muhabbat», «Layli va majnun», «Farhod va Shirin», «Tohir va Zuhra», «Alpomish», «oshiq g’arib va Shohsanam», «Hamlet», «Qaroqchilar», «Monserro» va boshqalar. 50—60-ylar yaratilgan eng yaxshi spektakllardir. 70-80-yillar teatrda yuksalish davri bo’ldi. Z. Qobulov, A. Muhamedov, H. Islomov, H. Appanov, I. Niyozmatov singari malakali rejissyorlar dolzarb va badiiy to’laqonli asarlar sahnalashtirdilar. Istedodli yosh ijodkorlar teatr jamoasiga kelib qo’shildi. «Kechikkan sevgi» (A. Ostrovskiy), «Mindaugas» (Marsinkyavichus), «Hijron» (S. Rahmon), «Beruniy» (Uyg’un), «Ibn Sino» (Shalomaev), «Oltin devor» (E. Voxidov), «Qaroqchilar» (F. Shiller), «Ajdodlar qilichi» (E. Samandarov) kabi spektakllar shu yillar mahsulidir. Mustaqillik yillari teatr Xorazm ijodkorlari bilan yaqindan hamkorlik qilishi uning ijodiy ravnaqiga ijobiy samarasini berdi. N. Solaev, Q. Matrizaev, Hayitmat Rasul asarlari teatr repertuarini boyitibgina qolmay, uning ijodiy takomillashuviga katta hissa bo’lib qo’shildi. Komil Avazning «Marvarid taqqan ayol», «Feruz», «Ogahiy» musiqali dramalari, «Jobbi Jujakning hiylasi», «Tashkildagi hangoma», «Javohir», «Tili asalim», «Nilufar», «Javlon jurra» komediyalari; «Avesto — mehr farzandi» spektakli so’nggi yillar sahnalashtirilgan eng yaxshi spektakllardir. Teatrga turli yillarda M. Polvonov, S. Saroymonov, 3. Qobulov, X. Appanov, H. Islomov, I. Niyozmatovlar bosh rejissyorlik, L. Abdullaeva, O. Ollaberganov, S. Qodirov, P. Kichkolar bosh rassomlik, A. Otajonov, H. Bobojonovlar bosh dirijyorlik, N. Shabanov, Z. G’afforovalar bosh baletmeysterlik qilib keldilar. Hozirgi kunda (2005) G. Raximova, M. Bobojonov, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlardan Sh. Ramazonova, O. Bobojonov, O. Tog’anov, J. Nurlaevlar, artistlardan K. Tojiboev, Sh. Shomurodov, A. Yo’ldoshev, P. Matyokubov, R. Qo’chqorov, S. Jumaniyozovlar teatrning yetakchi aktyorlaridir. Teatrning bosh rejissyori — M. Quryozov, bosh rassomi — B. Bekmurodov. Toshpo’lat Tursunov.