Xorioptoz, terixo’r qo’tir
Xorioptoz, terixo’r qo’tir — chorva mollarining invazion kasalligi. Terida, oyoq bo’g’imlarida, dumning pastki tomoni va ildiz qismida, ba’zan sakrash bo’g’imlarida parazitlik qiluvchi Chorioptes turkumiga mansub terixo’r kanalar qo’zg’atadi. Terixo’r kanalar mollar noqulay sharoitda boqilganda uchraydi. Qoramollarda C.bovis, otlarda C.equi, qo’ylarda C.ovis, echkilarda S. sargae kanalari parazitlik qiladi. Ko’proq yosh mollar kasallanadi. Kasallik tarqatuvchisi kasal hayvonlar. Belgilari: qichishish, pust tashlash, jun va tuk to’kilishi, teri qalinlashishi va po’stloq hosil bo’lishi bilan kuzatiladi. Tashxisi teri zararlangan joydan kirma olib aniqlanadi. Davosi: qichimaga qarshi spirtli yoki yog’li linementlar surtish, qichimaga qarshi vannalarda cho’miltirish. Oldini olish: podaga yangi qo’shiladigan mollar karantini, binoni zararsizlantirish.