Raga, rag

Raga, rag (sanskritcha — rang, istak) — hind va Pokiston xalqlari mumtoz musiqa janri. Ragalar o’zbek maqomlari singari muayyan tovush-qator (Txat), ohang tuzilmalari (pakar) va usul (tal) jihatidan bir-biridan farqlanadi. Ragalar Bheyrav, Malkuns, Megh, Dipak kabi nomlar bilan, ularning shoxobchalari esa ragniylar deb ataladi. Raga O’rta asrdan ma’lum bo’lib, tarixiy jarayon davomida yangi kuy va asarlar bilan boyitildi. Hind musiqa olimlari Ragalarni muayyan ruhiy va axloqiy ta’siri jihatidan ajratadilar. Kunning muayyan vaqtlari (ertalabki, tushki Raga va hokazolar), yil fasllarida ijro etiladigan Ragalar bor. Raga ansambli tarkibiga, odatda, yakkaxon xonanda yoki yakkanavoz sozanda, usul beruvchi urma cholg’u ijrochisi va boshqa sozandalar kiradi. Har bir Raga asosiy mavzuni bayon etuvchi vazmin sur’atdagi qismdan boshlanib, asta-sekin tezlashib boradi, turli nolalarga boy, erkin rivojlanadigan hamda avj olib keladigan qismlar orqali namoyon bo’ladi.