Shulxa
Shulxa (ruscha sheluxa — qobiq, po’choq) — chigitdan moy olishda chiqadigan qo’shimcha mahsulot; chorva mollari uchun ozuqa. 1 tonna chigitdan 300 kilogramm atrofida Shulxa olinadi. Tarkibida 4-6% oqsil, 2-3% yog’, 37% azotsiz ekstraktiv moddalar va 43% kletchatka, 0,02% erkin gossipol bor. 1 kilogramm Shulxada 0,21 ozuqa birligi, 10 gramm oqsil, 1,9 kaltsiy va fosfor, 0,02—0,05% zaharli yoki zararli modda bo’ladi. Gidroliz sanoatida 1 tonna Shulxadan 85 l spirt, 300 kilogramm linolit (qurilish plitalari), 28 kilogramm karbonat angidrid, 20 kilogramm sirka kislota va boshqalar olinadi. Shulxa asfaltlangan ochiq maydonlarda bunt holida saqlanadi, saqlash muddati 6 oydan oshmasligi kerak. Shu muddat o’tgach, uning sifati tekshirib turiladi.