Sho’rtan gaz-kimyo majmuasi

Sho’rtan gaz-kimyo majmuasi — jahondagi eng yirik gaz sanoati korxonalaridan biri. «O’zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi unitar sho»ba korxona. Qashqadaryo viloyatining G’uzor tumanidagi Sho’rtan shaharchasida joylashgan. 150 ga dan ortiq maydonni egallaydi. Mahalliy konlardan olinadigan gazni qayta ishlab, organik sintez, polietilen, yoqilg’i gazi, suyultirilgan gaz, gaz kondensati, donador oltingugurt, polietilen tagliklar, polietilen plenkalar ishlab chiqaradi. Sho’rtan gaz-kimyo majmuasi qurilishi 1998 yildan boshlangan. «O’zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasining mustaqillik yillarida amalga oshirgan eng yaxshi loyihalaridan va xalqaro hamkorlik mahsullaridan biridir. 2001 yilda ishga tushirildi. 2002 yil 15 avgustda birinchi polietilen olindi. Majmua qurilishida AQShning «ABB Lummus Global», «Honeywell», Germaniyaning «Fisher», «Ermafa», Kanadaning «Nova Chemicals», Italiyaning «Renco», «ABB Soimi», Yaponiyaning «Mitsui», «Nisho Ivai», Frantsiyaning «Upedex», Rossiyaning «Soyuzvneshtrans», VNIIGAZ firma va kompaniyalari faol qatnashdi. Shuningdek, AQSh ning «Eksimbank», «Cheyz Manxetten Bank», Frantsiyaning «Pariba», Germaniyaning «Kommersbank», Yaponiyaning «Eksimbank», «Germes» sug’urta agentligi o’z investisiyalari bilan ishtirok etdi. Majmuaning texnologiya qismi gazni tozalash qurilmasi, polietilen granula (donacha)lari ishlab chiqaradigan zddan iborat. Loyiha quvvatiga ko’ra, majmua bir yilda 4,2 milliard m3 gazni qayta ishlaydi, 125 ming tonna polietilen granulalari, 137 ming tonna suyultirilgan gaz, 103 ming tonna gaz kondensati, 4 ming tonna donador oltingugurt, shuningdek, 4,2 milliard m3 tovar gaz (yoqilg’i) ishlab chiqaradi. 2004 yilda 100 ming tonna polietilen, 85 ming tonna suyultirilgan gaz, 88 ming tonna gaz kondensati, 2,6 milliard m3 tovar gaz, 100 tonna oltingugurt ishlab chiqarildi. Majmua mahsulotining 60% dan ortig’i xorij — Ukraina, Rossiya, Qozog’iston, Boltiqbo’yi, Polsha, Vengriya, Avstriya, Gresiya, Turkiya, Eron, Pokiston, Xitoy va boshqalar mamlakatlarga eksport qilinadi.