Shulluktepa

Shulluktepa — qarshi vohasidagi o’rta asrlarga oid yirik qo’hna shahar xarobasi. Hozirgi Qarshi shahridan 8 kilometr shimoli g’arbda, Qashqadaryoning chap qirg’oqlariga yaqin erda joylashgan. Ko’pchilik tadqiqotchilar tomonidan qadimiy Nasaf shahri xarobasi ekanligi e’tirof etiladi. Shulluktepa 1883 yil rus arxeologlari V.V.Krestovskiy, 1895 va 1910 yillarda B.I. Litvinov, 1910 yilda D.I.Logofet tomonidan tekshirilib, umumiy ma’lumotlar to’plangan. Bu tadqiqotchilar Arab geograflari asarlarida qayd etilgan Nasaf shahri aynan shu yerda joylashganligi haqidagi fikrni ilgari surganlar. 1916 yilda sharqshunos L.A.Zimin birinchi bo’lib Shulluktepada arxeologik tadqiqotlar o’tkazgan. Keyinchalik bu yodgorlikda S.K.Kabanov, M.E.Masson, B.D.Kochnev, V.A.Pirin, M.X.Isomiddinov kabi arxeolog olimlar tadqiqot ishlari o’tkazganlar. Ushbu tadqiqotlar natijalarining ko’rsatishicha, Shulluktepa o’rnida milodiy 3-4-asrlarda dastlab uncha katta bo’lmagan istehkom bunyod etilib, 5-6-asrlarda qal’a (150×80) va uni o’rab turgan Shahriston shakllangan. 6-8-asrlarda esa Shahriston qalinligi 15 metr bo’lgan devor bilan o’rab olingan. Arablar istilosi va unga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonlar oqibatida Naxshab shahri (Zahhoki moron) asta-sekin vayronaga aylangach, 9-asrdan boshlab quyi Qashqadaryodagi shaharsozlik markazi Shulluktepa o’rnida rivojlanadi. 200 gektar maydonni egallagan bu yangi shahar Arab manbalarida Nasaf deb atala boshlangan. 10-12-asrlarga oid Arab geograflari (Ibn Xurdodbeh, istaxriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy, Sam’oniy) asarlarida ushbu ko’hna shahar qal’adan tashqari Shahriston va rabodga ega ekanligi, shahar o’rtasidan Daryo oqib o’tishi, shaharning 4 darvozasi borligi qayd etiladi, ayrim bosh ko’chalarning nomlari tilga olinadi. Shulluktepada olib borilgan tadqiqotlar shahar Movarounnahrning ichki va tashqi iqtisodiy savdo aloqalarida faol ishtirok etganligini ko’rsatadi. Shulluktepa (Nasaf) orqali ilk va rivojlangan o’rta asrlarda Eron va Xurosonning savdo shaharlarini Samarqand, Choch vohasi va Farg’ona vodiysi bilan, Buxoroni termiz, Balx va Hindistonning savdo markazlari bilan bog’lovchi tranzit savdo yo’llari o’tishi bu shahar rivojiga katta ta’sir ko’rsatganligini qayd etish mumkin. Mo’g’ullar bosqinidan so’ng shahar xarobaga aylanadi va uning xarobalari keyinchalik Shulluktepa nomi bilan atala boshlanadi. Ad.: Masson M.E., Stolichnme goroda v oblasti nizovev Kashkadari s drevneyshix vremen, T., 1973; Sul eymanov R.X.,Drevniy Naxshab, T., 2000. O’ktam Mavlonov.