Shoshtepa, Chochtepa
Shoshtepa, Chochtepa — ko’p qatlamli arxeologik yodgorlik. Toshkent shahri hududida qad ko’targan eng qadimiy qishloq va ilk qo’rgon — Chochkatning xarobalari (miloddan avvalgi 6-asr — milodiy 16-asrlar). Yodgorlik Jo’nariqning chap va o’ng sohillarida joylashgan biri tik va baland, ikkinchisi yassiroq ulkan tepaliklardan iborat. Umumiy maydoni taxminan 25 gektar. Dastlab Turkiston arxeologiya havaskorlari to’garagi a’zosi N.S.Likoshin tomonidan qayd etilgan, N.P.Ostroumov arxeologik qazishlar o’tkazgan (1896); G.V.Grigorev tekshirgan (1934), N.I.Krasheninnikova (1956), G’.Dadaboyev (1970)lar arxeologik kuzatishlar olib borgan. 1978 yildan Toshkent arxeodogiya ekspeditsiyasi (V.I.Sprishevskiy, M.I.Filanovich) tomonidan muntazam arxeologik qazishlar o’tkazilgan. Tadqiqotlarni hozirgi vaqtda M.I.Filanovich davom ettirmoqda. Jo’nariqning so’l sohilida joylashgan balandligi 18-19 metrli tik tepa (maydoni 150— 120 metr) istehkomli ilk qishloq xarobasi bo’lib, uning ostki madaniy qatlamlaridan qadimgi dehqonchilik madaniyatining so’nggi bosqichi (miloddan avvalgi 6-4-asrlar)da yashagan o’troq ziroatkor aholi turar joylarining qoldiqlari qayd etilgan. Arxeologik tadqiqotlardan ma’lum bo’lishicha, miloddan avvalgi 3-asrda Janubiy Ural va Sharqiy Orol oldi mintaqalaridan Janubga tomon siljigan ko’chmanchi chorvador sarmat qabilalari qadimiy Chochkatni vayron etib, qabristonga aylantirganlar. Miloddan avvalgi 2 — 1-asrlarda Shoshtepada qadimiy qishloq xarobalari ustida atrofi qalin aylanma devor bilan o’rab olingan doira shaklidagi qal’aqo’rg’on qad ko’targan. Qalinligi 4 metrli qo’rg’on devori yirik xom g’ishtlardan urib chiqilgan. Diametri 60 metrli qo’rg’on devorining ichki aylanasi bo’ylab tomi ravoqsimon qilib yopilgan uzun yo’lak bino qilingan. Yo’lak qismlarga bo’lingan va har biridan tashqariga chiqadigan darvozasi bo’lgan. Qo’rg’onning Markaziy qismida xoch shaklida monumental bino qad ko’targan. Uning devorlarining qalinligi 2 metr, tomi esa ravoqsimon. Bino qator xonalar va yo’laklarga ajratilgan. Peshtoqi binoning shimoliy qanotida, u ravoqli darvozaxona va uning 2 biqinida paykonsimon darchalar joylashtirilgan. Qo’rg’on binosining umumiy tarhi: yo’lakli aylanma tashqi devoriyu, xochsimon markaziy binosi, ravoqli peshtoqiyu paykonsimon darchalariga qaraganda, u avvaldan anchagina puxta o’ylangan reja asosida qurilgan zamonasining nodir me’moriy obidalaridan hisoblangan. Shoshtepaning madaniy qatlamlaridan ko’pdan-ko’p ashyoviy topilmalar qayd etildi. Ular orasida uyro’zg’or va xo’jalik buyumlari: xum, xo’mcha, ko’za, bir quloqli va jo’mrakli ho’qachalar, 2 qulokli sopol qozonlar, tova, suvdonlar, ho’kiz boshli kabob ko’ralar, yoysimon yorg’uchoqlar, temir pichoq, o’roq va hokazolardan iborat. Topilmalar orasida 2 ta nodir buyum: fil suyagidan yasalgan qadahning bir bo’lagi va suyakdan ishlangan qalam, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Hajmi 5 — 3,5 santimetrli suyak qadah parchasida boshida ulkan kuloh, keng peshonali, ot yuzli, qirraburun, bodom qovoq, sersoqol va mo’ylovli o’rta yoshdagi kishining siy- mosi qabartma qilib tasvirlangan. Suyak qalamning uzunligi 15 santimetr. Bir tomoni yozish uchun uchli qilib, 2-tomoni esa ilonni boshidek romb shaklida kurakcha qilib yasalgan. Bu topilmalar milodiy 1-2-asrlarga mansub bo’lib, Chochda ham qadimda xatsavod bo’lgani hamda shoshtepaliklar karvon yo’li orqali yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari bilan aloqada bo’lganidan dalolat beradi. Topilmalar ko’chmanchi dasht bilan o’groq dehqonchilik vohasi chegarasida uzoq asrlar davomida yonmayon yashagan hamda bir-biri bilan iqtisodiy va madaniy aloqada bo’lgan qadimiy qavmlarning yaratgan o’ziga xos madaniyatining mahsuli edi. Bu madaniyat fanda Qovunchi madaniyati deb ataladi. Istehkomli qishloq sifatida qad ko’targan Shoshtepa miloddan avvalgi 2 — 1-asrlarda ilk shaharcha qiyofasiga kirib, u Sirdaryoning o’rta oqimida tashkil topgan Qang’ davlatining dasht bilan Toshkent vohasiga tutashib ketgan chegarasidagi istehkom, hunarmandchilik markazi, ko’chmanchi chorvador aholi bilan o’troq dehqonlar o’rtasida olib boriladigan o’zaro savdo bozori vazifasini o’tagan. 5-asr o’rtalarida chorvador eftaliylarning Jan.ga tomon siljishi oqibatida Shoshtepada qadimdan o’tparastlik ibodatxonasi bo’lgan xoch shaklidagi Markaziy bino qabristonga aylantirilgan. 6-8-asrlar boshlarida Shoshtepada hayot yana ancha yuksalgan. Arab xalifaligi istilosi natijasida Shoshtepa vayron bo’lgan. 11 — 12-asrlarda undagi hayot birmuncha jonlansada , ammo 16-asrda Shoshtepa deyarli xarobaga aylangan. Garchi Shoshtepada qad ko’targan qo’rg’on to’la shahar qiyofasida shakllanmagan bo’lsada, biroq u Toshkent vohasida shaharsozlik madaniyatini shakllanishi va rivoji tarixini tadqiq etishda muhim ahamiyatga ega yodgorlik hisoblanadi. Abdulahad Muhammadjonov.