Shrot

Shrot (nemischa mayda bo’laklar, qiyqim) — yog’ekstraktsiya korxonalarida ishlab chiqariladigan qo’shimcha mahsulot; chorva mollari uchun to’yimli ozuqa. Moyli ekinlar urug’i ekstraktsiyasidan keyin maydalangan urug’dan organik eritmalar yordamida olinadi. Xom ashyoga qarab soya Shrot, raps Shrot, xantal Shrot, chigit Shrot, kana-kunjut Shrot, nasha Shrot va boshqalarga ajratiladi. Shrot proteinga boy ozuqa. 100 kilogramm kungaboqar Shrotida 100 ozuqa birligi va 37,6 kilogrammga yaqin hazm bo’ladigan protein; 100 kilogramm nasha Shrotida 82 ozuqa birligi va 24,8 kilogramm hazm bo’ladigan protein bor. Shrot tarkibi E vitamini, V guruh vitaminlari va fosforga boy. Chigit Shrot tarkibi va olish usuliga ko’ra 3 tur (har bir tur navlar)ga bo’linadi. Chigit ekstraktsiyaforpresslash sxemasi (1 tur), lipidga boy soha standarti (11 tur), sifati yaxshilangan proteinli va gossipol miqdori kamaytirilgan — texnika shartlari bo’yicha (3 tur) qayta ishlanib Shrot olinadi. Shrot tarkibida 1 tur 1-navi bo’yicha namlik 7 — 9%, xom moy 1,5%, xom protein 44%, xom kletchatkalar 14%, erkin gossypol 0,02% ni tashkil qiladi. Hamma Shrotlar aralash emga qo’shilgan holda beriladi. Shrot qog’oz qoplarda yoki zararkunandalar bo’lmagan omborlarda, shamol o’tib turadigan, quyosh nuri va issiqlik manbaidan muhofazalangan toza, quruq binolarda idishsiz (uyum holida) saqlanadi. Shrot o’z-o’zidan o’t olmasligi va buzilmasligi uchun qish oylarida saqlash yoki jo’natish oldidan 35°, yozda esa 50° temperaturagacha sovitiladi.