Shtamp

Shtamp (italyancha muhr) — 1) texnikada — material (metall, plastmassa va boshqalar)ga bosim bilan ishlov berib va uni qismlarga bo’lib muayyan shakldagi buyumlar tayyorlash uchun mo’ljallangan asbob. Materialga tekis va hajmiy; sovukdayin va qizdirib ishlov beruvchi turlarga bo’linadi. Sovuqlayin ishlov berish uchun mo’ljallangan Shtamp, asosan, ikki qism: matrisa (qolip) li pastki qism va bir yoki bir necha puanson o’rnatilgan yuqori qismdan iborat bo’ladi. Qizdirib ishlov berish uchun mo’ljallangan Shtampning bolg’alash, cho’ktirish, kesish, egish va boshqalar xillari bo’ladi. Har qaysi detal uchun «o’zining» (ya’ni uning shakliga mos) Shtampi ishlatiladi. Shtampning konstruktsiyasi buyum (detal) tayyorlanadigan materialga, shtamplashda foydalaniladigan mashina turiga (bolg’a, bosqon, press va boshqalar), bajariladigan amallar (operatsiyalar) xiliga (qirqish, o’yib tushirish, egish va boshqalar), ishlab chiqarishning turiga (donalab, ko’plab yoki seriyalab ishlab chiqarish) va boshqalar omillarga bog’liq bo’ladi. Shtamp ochiq va berk, bir va ko’p ariqchali turlarga ham bo’linadi. Ochiq Shtampda ishchi elementlar (puanson va matrisa) orasidagi tirqish ish jarayonida o’zgaradi, berk Shtamplarda bu tirqish o’zgarmaydi. Materiallarga bosim bilan (Shtamp yordamida) ishlov berish usuli shtamplash deb ataladi. Shtamplashda buyumning shakli va o’lchamlari Shtampning shakli va o’lchamlariga mos bo’lib chiqadi; 2) muassasa hujjatlari va xizmatga oid rasmiy qog’ozlarning burchaklariga bosiladigan, shu muassasaning nomi, qaysi yuqori tashkilotga qarashli ekanligi aks ettirilgan muhr (odatda, to’rtburchak shaklida bo’ladi) va muhr izi.