Shostakovich Dmitriy Dmitrievich
Shostakovich Dmitriy Dmitrievich (1906.25.9, Peterburg 1975.9.8, Moskva) — rus kompozitori, pianinochi, pedagog, jamoat arbobi. 20-asr musiqa klassigi. Rossiya xalq artisti (1948), Xalq artisti (1954), mehnat qahramoni (1966). Leningrad konservatoriyasini fortepiano (1923) va kompozitsiya (1925) ixtisosliklari bo’yicha tugatgan. Leningrad va Moskva konservatoriyalarida dars bergan, shogirdlari orasida G. Sviridov, Q.Qoraev, M.Leviev va boshqalar bor. Rossiya kompozitorlar uyushmasi raisi (1960-68). Shostakovich kompozitorlik ijodiyotining deyarli barcha janrlarini qamrab, simfonik musiqa, vokal musiqa, musiqali teatr, kamer musiqa sohalarida jahonshumul ahamiyatga molik asarlar yaratgan. Xususan, 15 simfoniyasi (192571), «burun» (1930) va «katerina Izmaylova» (1934, 2-tahriri 1956) operalari, 15 kvarteti (1938— 74), skripka (1968), Alt (1975), violonchel (1934) sonatalari, cholg’u kontsertlari (1933-67), 24 prelyudiya va fugasi (1951), Pushkin, Blok, Byorns, Shekspir, Mikelanjelo va boshqalarning she’rlariga yaratgan qo’shiq va romanslari, 30 ga yaqin kinofilm (Maksim haqida trilogiyasi, 1935— 39; «yosh gvardiya», 1948; «So’na», 1955; va, ayniqsa, «Hamlet» 1964; «Qirol Lir», 1971)larga yozgan musiqalari bilan mazqur janrlarning 20-asrdagi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shgan. Teran dramatizm, fojiaviylik bilan sug’orilgan, ayni paytda nozik lirika, o’tkir yumor va kinoyaga boy Shostakovich asarlarida chuqur, hayotan muhim g’oyaviy kontsepsiyalar, inson kechinmalarining murakkab olami, uning orzu-umidlari, yorug’lik va kamolotga intilishlari o’zining badiiy yetuk ifodasini topgan. Shostakovich 1940-yillardan e’tiboran O’zbekiston san’atkorlari bilan yaqin ijodiy aloqada bo’lgan. Fashistlarga qarshi jangning ramziga aylangan mashhur 7 «Lenintradnoma» simfoniyasining birinchi ijrolaridan biri Toshkentda o’tgan (1942.22.6), keyinchalik deyarli barcha simfoniyalari, «Oyimqiz va bezori» baleti, kontsertlari, kamer musiqasi muntazam ijro etilgan. Shostakovich bir necha bor O’zbekistonga kelgan (1959, 1960, 1964), M.Burhonov, A.Jabborov, F.Yanov-Yanovskiylar bilan do’stona alohida bo’lgan, yosh o’zbek kompozitorlari va musiqashunoslarini qo’llab quvvatlagan. Shostakovich ijodi ko’pgina zamonaviy kompozitorlar (jumladan, O’zbekistonda — Ik. Akbarov, M.Tojiev, T.Qurbonov, M. Mahmudov, N.G’iyosov va boshqalar) ijodiga ta’sir o’tkazgan. Bu haqda T.Vizgo, N.Yanovyanovskaya va T. G’afurbekovlar tadqiqotlar yaratishgan. Rossiya (1974), Ukraina (1976), Si- belius nomidagi (1958), Davlat (1941, 1942, 1946, 1950, 1952, 1968), xalqaro Tinchlik (1954) mukofotlari laureati. To’xtasin G’afurbekov.