Xorazm maqomlari
Xorazm maqomlari – maqom turi. Xorazmda maqom yo’llariga yaqin mumtoz musiqa namunalari qadimdan ma’lum bo’lgan. Bizgacha yetib kelgan shakli — olti maqom (rost, Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq) tizimi Shashmaqom asosida 19-asr boshlarida shakllangan. Har bir maqom belgilovchi omil — muayyan lad tizimi va uning asosida yuzaga kelgan kuy yo’llaridan iborat. Xorazm maqomlari Buxoro Shashmaqomi kabi mustaqil tuzilishga ega bo’lgan chertim (cholg’u) va aytim (ashula) bo’limlarini o’z ichiga oladi. Chertim yo’li (bo’limi) tani maqom, tarje, peshrav, muxammas, Saqil, Ufar kabi shaklan yakunlangan va nisbiy mustaqil qismlardan tashkil toptan. Boshlang’ich tani makom va yakunlovchi Ufar har bir maqomda bittadan bo’lsa, o’rtada keladigan peshrav, muxammas, sakil 2-3 tagacha bo’ladi. Cholg’u yo’li yakkanavozlik va jo’rnavozlik usulida chalinadi. Yakkanavozlikda tanbur asosiy soz hisoblanadi. Jo’rnavozlik, odatda, tanbur, dutor, nay, bo’lamon, qo’shnay, g’ijjak, chang, doiradan iborat ansamblda amalga oshiriladi. Shuningdek, Xorazm maqomlarining dutor, sunray yo’llari ham mavjud. Masalan, 19-20-asr boshlarida Xivada 11 ta Xorazm dutor maqomi mashhur bo’lgan: Chapandoz, Navoiy, Sadri Iroq, Tashniz, ag’yor va boshqalar. Tanbur yo’llaridan farqli o’laroq ular turkumli asarlar bo’lib, har bittasi 2— 7 qism (masalan, «Iroq» dutor maqomi «O’rta Ufori», «nigoron», «Oromijon», «boy- Muxammad», «saqlansin») dan iborat bo’lgan. «Oraz bam va uforisi», «Majnun Dali», «roviy», «Miskin va Uforisi», «Mo’g’ulcha Ufori»lari M. Yusupov tomonidan «O’zbek xalq muzikasi»ning 6-jildiga kiritilgan. Ayrim yo’li tani maqom, talqin, Nasr kabi asosiy qismlar — sho»balar va ular negizida tuzilgan tarona, suvora, naqsh, faryod va Ufar deb nomlangan variant qismlardan tashkil topadi. Dastlab Xorazm maqomlari ijrosida fors-tojik (Hofiz, Jomiy kabi) va keyinchalik uzbek, ozar mumtoz shoirlari (Navoiy, Fuzuliy, Munis, Ogahiylar)ning g’azallaridan foydalanilgan. Xorazm maqomlari va Buxoro Shashmaqomining umumiy va farq qiluvchi tomonlari mavjud. Tashqi tomondan Xorazm maqomlari Rostdan, Shashmaqom Buzrukdan boshlanadi. Xorazm maqomlarida Iroqning ashula bo’limi unutilgan, rost maqomining chertim yo’llari asosida 8 qismdan iborat Panjgoh turkumi yaratilgan; suvora, naqsh, faryod qismlari o’ziga xos xususiyatlarga ega; savt va mo’g’ulcha kabi 2-guruh sho’balari uchramaydi. Ichki tuzilishi jihatidan ko’pchilik doyra usullari, kuy qiyofasi, ijrochilik uslubi mustaqilligi bilan ajralib turadi. Xorazm maqomlari Komil Xorazmiy ixtiro qilgan tanbur chizig’ida uning o’zi va o’g’li Muhammad Rasul Mirzaboshi tomonidan to’la yozilgan (1886). Hozirgi nota yozuvida E. Romanovskaya chertim yo’llarini («Xorazm klassik muzikasi», T., 1939) va M. Yusupov chertim va aytim yo’llarini («O’zbek xalq muzikasi», 6J., T., 1958) yozib olgan. M. Yusupov tomonidan keyinchalik nashrga tayyorlangan «Xorazm maqomlari» to’plamiga (T., 1980-1987) Xorazm mumtoz musiqasining boshqa janrlari (Suvora, faryod kabi) namunalari ham kiritilgan. E. Romanovskaya, Il. Akbarov tomonidan Matyoqub Xarratov tanburda ijro etgan ayrim parchalar fonografga yozilgan (1934). San’atshunoslik intida K. Otaniyozov va K. Ismoilovlardan Rost, Navo, Dugoh, Segoh (1949), H. Boltayevdan Buzruk (1952) maqomlarining ashula yo’llari magnit lentasiga yozib olingan. Xorazm maqomlari ijrochiligining yirik namoyandalari Niyozjonxo’ja, Komil Xorazmiy, Feruz, Xudoybergan muhrkan, Matyoqub va Matyusuf Xarratovlar, M. Xudoyberganov, K. Otaniyozov, H. Boltaev, M. Raximov, N. Yusupova, M. Yusupov, R. Jumaniyozov va boshqalardir. Ad.: Akbarov I., Kon Yu., Xorazm maqomlari [«O’zbek xalq muzikasi» kitobida, 6J.], T., 1958; Rajabov I., Maqomlar masalasiga doyr, T., 1963; Matyoqubov O., Maqomot, T., 2004.