Xoqoniy Shirvoniy

Xoqoniy Shirvoniy (to’liq ism-sharifi Afzaliddin Badil ibn Ali) (1120, Shirvon 1199, Tabriz) — ozar shoiri. G’azal, qasida va masnaviylar bitgan. Shoir Abu Alo Ganjaviydan (12-asr 1-yarmi) badiiy ijod sirlarini o’rgangan. 25 yoshida Shirvonshoxdar saroyidagi adabiy doiraga doxil bo’lib, «Xoqoniy» taxallusi bilan g’azallar yoza boshlagan. Ammo saroy amaldorlari Xoqoniy Shirvoniy bilan ustozi orasida nizo chiqaradi. Xoqoniy Shirvoniy hajga borish bahonasi bilan bu mojarolardan qutuladi (1156). Xoqoniy Shirvoniy hajdan qaytgandan so’ng ham uning atrofidagi ig’vo va tuhmatlar to’xtamaydi. Hatto Mujriddin Boylaqoniy Xoqoniy Shirvoniy imzosi bilan Isfahon xalqini hajv qilib, qasida tarqatadi, shoir zindonga tashlanadi. Uning «Sifahon», «Hibsiyot» (1159) qasidalari shu munosabat bilan yozilgan. Vizantiya shahzodasi Andronik Kamen yordamida hibsdan qutulgan. Umrining oxirgi yillarini Tabrizda o’tkazgan. Shoirning qabri Murg’ob qabristonidagi «Maqbarat ushshuaro»dadir. X.Sh.dan bizga qadar 14 ming baytdan iborat she’rlar devoni, 3 ming baytni tashkil kiladigan «Tuhfat ulIroqayn» («ikki Iroq tuhfasi», 1157) masnaviysi meros bo’lib qolgan. She’rlarida ishqmuhabbat tasviri bilan birga mavjud ijtimoiy tuzum, o’zi yashayotgan zamon illatlarini ro’y-rost tanqid, zulm-zo’ravonliklardan nolish kuchli. Ijodi 13-asrdan o’rganila boshlagan. «Tuhfat ulIroqayn» masnaviysi hamda «Madoyin qasri» qasidasi Arab va Ajam xalqlari tarixi, ma’naviyatini o’rganishda muhim manba vazifasini ham o’taydi.