Xronologiya

Xronologiya (xrono… va …logiyadan) — 1) tarixiy voqealarning davriy tadrijiyligi; 2) vaqt o’lchovi haqidagi fan. Astronomik Xronologiya fazodagi hodisalarning qaytarilib turish qonuniyatlarini o’rganadi va aniq astronomik vaqtni belgilaydi. Tarixiy Xronologiya — yordamchi tarix fani; turli xalqlar va davlatlar yil hisobi tizimi va taqvimlarini o’rganadi, tarixiy voqealar sodir bo’lgan sanalarni va tarixiy manbalar yaratilgan vaqtni aniqlashda yordam beradi. Xronologiya taraqqiyot bosqichlarining vaqtini aniqlash demakdir. Bu esa alohida tarixiy voqealar, mehnat qurollari, hunarmandchilik va xo’jalikning rivoji, uy-joylar, qishloqlar va shaharlarning qurilishi, davlatlarning tashkil topishi va madaniyat taraqqiyoti yutuqlari vaqtini aniqlashni anglatadi. Yozma manbalar asosida aniq sanalar belgilanadi. Arxeologik ma’lumotlarga asoslangan Xronologiya yuz va ming yilliklar bilan o’lchanadi. Bobil, Misr, Yunoniston va Rimda shakllangan Xronologiya o’rta asrlarda Turonda rivojlandi. Beruniynnng 1000-yilda yozilgan «qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» («Xronologiya») asarida jahondagi turli xalqlar tarixi va madaniyati ixcham tarzda o’z aksini topgan. Xronologiyadagi tarixiy izchillikni fanga 16-asrda frantsuz J.Skaliger kiritdi. Hozirgi paytda Xronologiyaning taraqqiyoti bu fanning arxeologiya, tabiiy fanlar, statistika va boshqalar bilan o’zaro hamkorligiga bog’liqtsir. Ad.: Sagdullaev A. va boshqalar, O’zbekiston tarixi (eng qadimgi davrlardan milodning 5-asrgacha), T., 1999.