Xondam kanali
Xondam kanali – Toshkent viloyatidagi yirik va murakkab gidrotexnika inshooti, 1928-32 yillarda qurilgan. Chapqirg’oq Qorasuv kanalining 3 kilometrdan suv olish inshooti yordamida suv oladi. Dastlabki uzunligi 49 kilometr. 1970 yildan keyin amalga oshirilgan rekonstruktsiya natijasida qayta qazildi, uning uzunligi 77,5 kilometrga yetkazildi, kanal kengaytirildi, trassasi uzaytirildi va bosh qismidagi hisobiy suv sarfi 23 m3/sek. ni tashkil etdi. Kanal trassasi murakkab relefni tog’oldi tekisliklardan o’tgani bois uning ko’p kismi qazma (chuqurligi 25 metrgacha) va ko’tarma (balandligi 30 metrgacha) o’zandan iborat. Kanal tubining kengligi 2-4 metr, devorlarining qiyaligi 1,75 metrga teng. Kanal o’zaniga filtrasiyaga qarshi 15 santimetr qalinlikdagi beton to’shama yotqizilgan. Uning o’ng qirg’og’ida 7 metr enlikda inspektsiya yo’li qurilgan. Kanalda ko’p sonli gidrotexnika inshootlari barpo etilgan: uning 28 kilometrda 15 metr balandlikdagi sharshara, Parkentsoy, Qizilsoy, Samsaraksoylar bilan kesishgan joylarda dyukerlar qurilgan, 10 ga yaqin yirik ko’priklar, 5 ta yirik suv chiqargich, 2 ta suv to’sgich, 4 ta suv tashlagich barpo etilgan. Trassaning oxiri Xo’jabaland kanali bilan tutashtirilgan. Kanal o’ng qirg’og’idagi 15 ming gektarga yaqin ekinzorni sug’orish imkoniyatiga ega.