Xoninglash
Xoninglash (inglizcha hone — charxlash) — detallarning ichki tsilindrik sirtlarini mayin tishli uzunchoq (dumaloq, to’rtburchak) abraziv asbob (jilvir chiviq) bilan ishlab silliqlash (pardozlash). Sirtga ishlov berish uchun abraziv asbob Xoninglash kallagi (xon)ga mahkamlab qo’yiladi, kallak esa Xoninglash stanogining shpindeliga o’rnatiladi. Xoninglash stanogining vertikal, gorizontal va qiya; bir va ko’p shpindelli; universal, yarim avtomatik va avtomatik turlari bor. Xoninglash asbobining asosiy (aylanma) harakati alohida elektr dvigateli yoki gidroturbina bilan, detalni surib turish harakati (to’g’ri chiziqli, ilgarilamaqaytma harakat) gidroyuritma bilan amalga oshiriladi. Stanoqda abraziv asbobni radial tarzda harakatlantiradigan mexanizm ham bo’ladi. Xoninglash paytida abraziv asbob ishlov beriladigan sirtga siqilib turadi, Xoninglash kallagi aylanma va to’g’ri yoki ilgarilanma qaytma harakat qiladi. Xoninglash detalning ichki sirtiga ishlov berishning oxirgi (pardozlash) operatsiyasi hisoblanadi. Masalan, avtomobil dvigateli tsilindrlar blokiga ishlov berishda Xoninglash operatsiyasidan foydalaniladi.