Xitoy tili
Xitoy tili — Xitoy-Tibet tillari oilasiga mansub tillardan biri. XXRning rasmiy davlat tili. Unda XXRning 92% aholisi — 1 milliard 292 milliondan ortiq kishi so’zlashadi (2003 yil). Xitoy tili, shuningdek, Indoneziya, Kambodja, Laos, Vetnam, Myanma, Malayziya, Tailand, Singapur, Bruney, Syangan, Aomin, Filippin, Yaponiya, Koreya va dunyoning boshqa mamlakatlarida tarqalgan (30 milliondan ortiq kishi so’zlashadi). BMTning rasmiy va ishchi tillaridan biri. Xitoy tilida asosan, 7 lahja guruhi farqlanadi: 1) shimol (bu lahjada 70% kishi so’zlashadi va u hozirgi adabiy Xitoy tiliga asos bo’lgan); 2) u; 3) Syan; 4) gan; 5) xakka; 6) Yue; 7) min. Bu lahjalar fonetik va leksik jihatdan o’zaro katta farq qiladi, hatto lahjalarning vakillari bir-birlarini tushunmay qoladilar; biroq ularning grammatik qurilishi va lug’at tarkibi yagonadir. Lahjalar muntazam tarzdagi tovushiy mosliklar orqali o’zaro bog’langan. Xitoy tilining fonetik me’yorlari Pekin shahri talaffuziga asoslanadi. Xitoy tiliga oid qadimgi yozma yodgorliklar (tosh, bronza, suyak va boshqalarga yozilgan yozuvlar) miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmiga oid. Qadimgi adabiy yodnomalar — «Shuszin» («Tarix kitobi») va «Shiszin» («qo’shiqlar kitobi») miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmiga oid. O’sha davrdagi jonli lahjalar asosida qadimgi adabiy Xitoy tili — venyan vujudga kelgan. Keyinchalik u og’zaki jonli tildan uzoqlashib, milodiy 1-ming yillikda xalq tushunmaydigan til bo’lib qolgan. Shu sababli milodiy 1-ming yillikda yangi (sodda) yozma til — bayxua vujudga keladi; shimoliy bayxua tili keyinroq umumxalq Xitoy tili — putunxua (umumxalqqa tushunarli til) uchun asos bo’ldi. 20-asrning 1-yarmida putunxua qadimgi Xitoy tili — venyanni tamoman siqib chiqarib, yagona milliy til bo’lib qoldi. Xitoy tilidagi morfema va sodda so’zlar odatda bir bo’g’inlidir. Bo’g’in tarkibiga kiruvchi undosh va unli tovushlar (ularning soni haqida hanuz yagona fikr yo’q) ma’lum bir tartibda joylashadi. Masalan, bir necha undosh tovush ketma-ket kelishi mumkin emas, biroq unlilar ketma-ket, o’zaro birikib kelishi mumkin. To’liq tarkibli Xitoy bo’g’inida birinchi o’rinda hamisha undosh tovush turadi, ikkinchi o’rinda 1-unli, undan keyin 2-unli, oxirida esa yarim (kuchsiz) unli yoki burun tovushi joylashadi. Qat’iy tartibga qaramasdan Xitoy tilida bo’g’in tarkibiga kiruvchi tovushlarning hammasi ham bir-biri bilan birika olmaydi, shuning uchun Xitoy bo’g’inlarining miqdori chegaralangandir. Putunxuada 414 bo’g’in, ton (ohang—musiqiy ovoz) variantlarini hisobga olganda, 1324 bo’g’in bor. Xitoy tilida ton (ohang), tovushga o’xshab, ma’no farqlash vazifasini bajaradi. Agar bir bo’g’in 4 xil ton bilan talaffuz etilsa, 4 ta har xil ma’noli so’z hosil bo’ladi. Xitoy tilida bir bo’g’inli so’zlarga nisbatan ikki bo’g’inli so’zlar ko’proq. Terminologiyaning rivojlanishi natijasida ikkidan ortiq bo’g’inli so’zlar ham ko’paymoqda. So’z yasalishi so’z qo’shish, affiksatsiya va konversiya (bir so’z turkumidan boshqa so’z turkumiga o’tish) orqali amalga oshadi. So’z yasash qoliplari so’z birikmalari qoliplariga o’xshash bo’lganligidan ba’zan yasama, qo’shma so’zlarni so’z birikmalaridan ajratib olish qiyin. Xitoy tilida deyarli o’zlashma so’zlar yo’q. O’ziga xos morfologik va sintaktik xususiyatlarga ega. Xitoy tili, asosan, amorf tillardan bo’lsada, ayrim hollarda agglyutinativ belgilar ham uchraydi. Xitoy tili ieroglifik yozuvdan foydalanadi. La.Torelov V. I., Prakticheskaya grammatika kitayskogo yazika, M., 1957; Solntsev V . M., Ocherki po sovremenno- mu kitayskomu yaziku, M., 1957; Yaxontov S. E., Drevnekitayskiy yazik, M., 1965; Hidoyatova Sh., Karimov A., Aminov E., Xitoy tili grammatikasi (fonetika va ieroglifik yozuv), T., 2004. Akramjon Karimov.