Xmelniskiy viloyati

Xmelniskiy viloyati (1954 yilgacha Kamenes-Podolskiy) — Ukraina tarkibidagi viloyat. 1937 yil 22 sentabrda tashkil etilgan. Maydoni 20,6 ming km2. Aholisi 1396 ming kishi (2004), asosan, ukrainlar (90,8%); shuningdek, rus, polyak, yahudiy, Belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 32%. Muhim shaharlari: Xmelniskiy, Kamenespodolskiy, Shepetovka, slavuta. 20 tuman, 24 shaharcha bor. Markazi — Xmelniskiy shahri. Tabiati. Xmelniskiy viloyati Podoliya qirlarining Markaziy qismida joylashgan. Iqlimi mo’tadil, kontinental. Yozi iliq va sernam; iyulning o’rtacha temperaturasi 19,4°; qishi yumshoq, yanvarning o’rtacha temperaturasi -5,6°. Yiliga 563-622 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 217 kun. Daryolari Dnestr, Jan. Bug, Gorin, Sluch. Tuprogi, asosan, kam chirindili qoratuproq, podzollashgan qoratuproq, sur va och sur tusli, qumoq, chimlipodzollashgan, chimlikarbonatli tuproqlar. Xmelniskiy viloyati, asosan, o’rmonli dasht zonasida. Hududining 13,4% o’rmon (dub, qayin, tog’terak, grab, zarang, jo’ka o’sadi). Quyon, tulki, bo’ri, elik, Los, tiyin, kemiruvchilar bor. Xo’jaligi. Oziq-ovqat sanoatida, ayniqsa, shakarqand tarmog’i rivojlangan. Moysir korxonalari, go’sht kombinatlari, sabzavot-konserva, pivo, qandolatpazlik sanoat tarmoqlari bor. Yengil sanoat tarmoqlaridan movut ishlab chiqarish, tikuvchilik, trikotaj, ko’nattorlik, poyabzal, yigiruvto’quv tarmoqlari rivojlangan. Stanoksozlik va asbobsozlik zavodlari, elektrotexnika, avtomatlashtirish va boshqaruv sistemasi vositalari priborsozligi, radiotexnika, traktor va qishloq xo’jalik mashinasozligi, avtoagregat, mashinasozlik (yengil va oziq-ovqat sanoatlari uchun mashinalar) zavodlari bor. Qishloq xo’jalik g’allachilik-lavlagikorlik bilan sut-go’sht chorvachiligiga ixtisoslashgan. G’alla, sabzavot va kartoshka, yem-xashak, texnika ekinlari ekiladi. Bog’dorchilik rivojlangan. Qoramol, cho’chqa, qo’y va parranda boqiladi. Hovuz baliqchiligi va asalarichilik bilan ham shug’ullaniladi. Temir yo’l uzunligi 732 kilometr. Dnestr daryosida kema qatnaydi. Xmelniskiy shahri avialiniyalari orqali Kiyev, Lvov, Chernovsi va boshqa viloyatlar bilan bog’langan. 3 oliy o’quv yurti, 3 muzey, 2 teatr, filarmoniya bor.