Xindemit (Hindemith) Paul
Xindemit (Hindemith) Paul (1895.16.11, Xanau 1963.28.12, Frankfurtmayn) — nemis kompozitori, skripkachi, dirijyor, musiqa nazariyotchisi. 20-asr musiqa namoyandasi, musiqiy neoklassisizm vakili. Frankfurtmayn konservatoriyasida ta’lim olgan (1909— 15). Shu shaharda opera teatrida skripkachi-kontsertmeyster (1915-23), torli kvartet sozandasi (Alt, 1921-29), Berlindagi Oliy musiqa maktabi professor (1927-37). 1938 yildan Shveytsariya va 1940 yildan AQSh da yashagan. Ijodiy uslubi rivojlangan polifoniya vositalari, kompozitsion muvozanatli shakllar, vazmin obrazlari bilan ajralib turadi. Keng va serqatlam badiiy merosida yirik, rivojlangan dramaturgiyaga asoslangan janr (opera, simfoniya, Sonata, kontsert kabi)lar bilan birga havaskor musiqa jamoalar hamda bolalar ijrosiga mo’ljallangan ommabop asarlar urin olgan. Ayniqsa, «Kardilyak», «Rassom Matiss», «Koinot garmoniyasi» operalari, «kamer musiqa» turkumlari, sonatalar, torli kvartetlar, simfoniyalar, «4 temperament» va boshqa baletlar, fortepiano va boshqa sozlar uchun kontsertlari mashhur. Kompozitsiyaga doyr kitob, qo’llanma va darsliklar yaratib, o’ziga xos ijodiy-nazariy tamoyillarni kashf etgan. Shveytsariyada «Xindemit jamg’armasi» faoliyat ko’rsatmoqda (1968 yildan).