Xara Balg’as, Qorabolg’asun
Xara Balg’as, Qorabolg’asun — Uyg’ur xoqonligi poytaxti — O’rdubaliq shahri xarobasi (8-9-asrlar). 840 yil Enisey qirg’izlari tomonidan bosib olinib vayron qilingan. Urxun daryosining so’l soxilida Erdenidzu monastiri (Mo’g’uliston)dan 15 kilometr shimolda joylashgan. Xara Balg’asning Markaziy qismi ko’tarma tuproq bilan o’rab olinib, qal’a va arkdan Janubi g’arbda bo’lgan. Istehkomlar va xom g’ishtdan qurilgan devorlarning saqlanib qolgan balandligi 10— 12 metr, qo’riqchi minora (Donjon) qal’a o’rtasida joylashib, uning balandligi 14 metrni tashkil etgan. Shahar qat’iy reja asosida qurilgan. Xara Balg’as hududida 8-9-asrlarga oid uyg’ur sopol idishlari topilgan. Qal’adan Janubda ibodatxonalar majmui va unga Sharq tomondan yondoshgan turar joy mavzesi aniqlangan. Aftidan bu mavze uyg’ur xoqoni bilan bog’liq bo’lib, u yerdan topilgan granit stela (ustun) sirtida ajdarho tasviri va 9-asrdagi uyg’ur xoqonlaridan birining sha’niga atab uyg’ur, Xitoy va Sug’d tillarida bitilgan yozuvlar aks etgan.