Xemoresepsiya
Xemoresepsiya (xemo… shreseptorlar) — bir yoki ko’p hujayralilar ixtisoslashgan hujayralarining tashqi muhitdagi hayot uchun muhim bo’lgan kimyoviy moddalardan ta’sirlanishi. Xemoresepsiyaning dastlabki jarayoni ta’sirlovchi kimyoviy modda bilan hujayra membranasidagi xemoreseptor oqsil o’rtasidagi ta’sirdan iborat. Xemoresepsiya — evolyutsiya jihatidan eng qadimgi retsepsiya tipi, barcha tirik organizmlar uchun xos. Ko’pchilik hayvonlar uchun 2 xil Xemoresepsiya: interoxemoresepsiya (ko’p hujayralilar ichki muhitini, jumladan, gormonlar, mediatorlar, antigenlar va boshqalarni analiz qiluvchi) va eksteroxemoresepsiya (tashqi kimyoviy ta’sirlarni qabul qiluvchi) xos. Yuksak tuzilgan organ izmlarda ixtisoslashgan kimyoviy sezgi organlari — hid bilish, ta’m bilish paydo bo’ladi. Bu xildagi organlar umurtqali hayvonlar va bir qancha umurtqasizlar (masalan, hasharotlar)da bor. Bundan tashkari, kam ixtisoslashgan Xemoresepsiya — gavda qoplamining ta’sirlovchi moddalarga nisbatan umumiy kimyoviy sezgirligi ham mavjud. Xemoresepsiya ko’pchilik hayvonlarning oziq qidirib topishi, dushmanlari yoki noqulay sharoitdan saklanishi, o’z turi va oilasi individlari hamda o’z juftini topib olishda katta ahamiyatga ega. Xemoresepsiyaning jamoa bo’lib yashovchi hasharotlar hayotidagi ahamiyati ayniqda katta. Bunday hasharotlar oilasidagi murakkab fiziologik xatti-harakat reaktsiyalari (oziq qidirib topish, o’zaro tobelik munosabatlari) Xemoresepsiya bilan bog’liq.