Xemosintez

Xemosintez (xemo… va sintez), xemolitoavtotrofiya — tarkibida xlorofill pigmenti bo’lmagan mikroorganizm (bakteriya)lar tomonidan anorganik birikmalar (vodorod sulfid, oltingugurt, vodorod, ammiak, azot kislota, temir peroksidi, marganes va boshqalar)dan oksidlanish reaktsiyasida hosil bo’lgan energiya xisobiga karbonat angidridning o’zlashtirilishi va organik birikmalarning biosintez qilinish jarayoni. Xemosintez rus mikrobiologi S.N.Vinogradskiy tomonidan kashf etilgan (1887). Xemosintezning kashf qilinishi tirik organizmlarda kechadigan moddalar almashinuvi jarayonining asosiy tiplari to’grisidagi tushunchani o’zgartirib yubordi. Fotosmnyaezdan farqli ravishda Xemosintez jarayonida yorug’lik energiyasidan emas, balki oksidlanishqaytarilish reaktsiyalarida ajralgan energiyadan foydalaniladi va bu energiya adenozintrifosfat kislota (ATF) ni sintez qilishda etarli bo’ladi. Elektronlarning donorlari sifatida oddiy anorganik birikmalardan foydalanadigan organizmlar xemolitotroflar deb ataladi. Bularga vodorod, oltingugurt, temir bakteriyalari va denitrifikasiyalovchi bakteriyalar kiradi. Vodorod bakteriyalaridan berk ekologik sistemada oqsil olishda, atmosferani SO2 dan tozalashda foydalanish mumkin. Xemosintetik bakteriyalar biosferada turli elementlarni o’zlashtirishda ishtirok etadi.