Shomil, Imom Shomil
Shomil, Imom Shomil (1799, Dog’istonning Gimra ovuli — 1871.4.2, Madina) — Dogiston va Checheniston tog’xalqlarining chor Rossiyasi mustamlakachilari zulmiga qarshi muridiylik shiorlari ostida o’tgan harakat (1834— 59) rahbari. 20-yillarda muridiylikni targ’ib etgan G’ozi Muhammadning safdoshlaridan biriga aylangan. U bilan, so’ngra Hamzatbek bilan birga tog’liklarning podsho qo’shinlariga qarshi kurashiga rahbarlik qilgan. 1834 yil Hamzatbek o’ldirilgach, Shomil Imom deb e’lon qilingan va 25 yil mobaynida Kavkazdagi tog’xalqlarining kurashini boshqargan. Shomil o’ziga xos diniy davlat —imomlik (imomat) barpo etgan, undagi dunyoviy va diniy hokimiyat Shomil qo’lida bo’lgan. Shomil podsho qo’shinlariga qarshi kurash olib borgan va 40-yillarda bir qancha yirik g’alabalarga erishgan. 1859 yil 25 avgustda Shomil 400 muridi bilan Gunib ovulida qamalda qolgan va 26 avgustda taslim bo’lgan. Shomil oilasi bilan Kalugaga surgun qilingan. 1870 yil unga Makkaga, haj ziyoratiga borishga ruxsat berilgan. Makkaga ketayotganda (Madinada) vafot etgan, alboqiya qabristonida dafn qilingan.