Shlyuz
Shlyuz (gollandcha §1Sh5, lot. exs1i- s1o — bo’laman) — 1) navigasiyada — kemalarni Daryo yoki kanallarga bir suv sathidan ikkinchi suv sathiga o’tkazish uchun mo’ljallangan gidrotexnika inshooti. Devorlar va darvozalar bilan ajratilgan kameradan iborat. Kemalarni quyi sathdan yuqori sathga o’tkazish uchun pastki darvoza ochiladi, kemalar kameraga kirgizilgach, darvoza yopiladi, so’ngra alohida galereya (yo’l) yordamida kamera suvga to’lg’aziladi. Kameradagi suv sathi yuqorigi suv sathi bilan tenglashganda yuqorigi darvoza ochiladi va kemalar kameradan chiqarib yuboriladi. Kemalar yuqori sathdan quyi sathga tushirilayotganda suv chiqarilib, yuqori suv sathi quyi suv sathi bilan tenglashganda pastki darvoza ochiladi va kema chiqarib yuboriladi. Sh.lar bir yoki ko’p kamerali, bir pog’onali yoki ko’p pog’onali bo’ladi. Shlyuzlarning o’lchami daryo yoki kanallarning katta-kichikligiga bog’liq. Yirik Shlyuzning chuqurligi 5-15 metr, eni 35 metrgacha, uzunligi 400 metrgacha qilib quriladi. Kamera suv keltirish qurilmalari vositasida suvga to’ldiriladi yoki suvdan bo’shatiladi; 2) metallurgiyada — foydali qazilmalarni boyitish uchun rudalarni saralash apparati; suv va mayda rudalar aralashmasi o’tkaziladigan tubi o’nqircho’nqir (bruscha, yo’l-yo’l rezinalar va boshqalardan iborat) qiya Nov ko’rinishidagi qurilma. Tubida og’ir minerallar va metallar cho’kib qoladi. Ko’p yarusli va avtomatik turlari bor; 3) kosmonavtikada — Shlyuz bo’lmasi — kosmik kema (kk) ning Germetik bo’lmasi; kosmonavtlarning kabinaning germetikligini buzmay kk dan ochiq kosmosga chiqishiga xizmat qiladi.