Sherobod

Sherobod — Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi shahar (1973 yildan), tuman markazi. Sheroboddaryoning o’ng sohilida joylashgan. Katta O’zbekiston trakti yoqasida. Termizdan 59 kilometr, yaqin temir yo’l stantsiyasi — Navshahar (42 kilometr). Aholisi 24,2 ming kishi (2000). Sherobod ikki ming yildan ziyod tarixga ega. U shahri Xaybar deb atalib, Makedoniyalik Aleksandr davrida ham mavjud bo’lgan. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, Sherobod yonidagi Jondavlattepa miloddan avvalgi 6-5-asrlarga, Sherobodning shimoliy chekkasidagi Kofirqal’a shahar xarobasi (maydoni 14 gektar) milodiy 1-asrga oid, uning arkida o’rta asrlarda ham hayot davom etgan. Sheroboddan 1 kilometr shimolda, Nondahana darasi yonida mustahkam mudofaa devori bilan o’ralgan manzilgoh joylashgan, u muhim savdo yo’lini qo’riqlash maqsadida bunyod etilgan. V.V.Bartoldning taxminicha, Sherobod hoz. nomini 18-asr boshlarida olgan bo’lib, Sheroboddaryoning o’ng sohilida qal’a qurgan o’zbeklarning Qo’ng’irot qabilasi hukmdori sher Ali nomi bilan atalgan. Mahalliy rivoyatga ko’ra, “Sherobod” atamasi «Shorabot» — bosh rabot, bosh bekat ma’nosini bildiradi. Sherobod yonida Termiz yo’lidagi so’nggi bekat — Roziq Raboti (10-asr) bino bo’lgan. Sherobod- Daryo oqib keladigan tog’darasi yoqalab o’rta asrlarda Turkistonni Afg’oniston va Hindiston bilan bog’lovchi muhim savdo yo’li o’tgan. 19-20-asr boshlarida Sherobod Buxoro amirligiga qarashli beklik markazi bo’lgan. Shaharda bir qancha aktsiyadorlik jamiyati, paxta tozalash, g’isht, sut, un mahsulotlari, keramika zavodlari, kichik korxona va xususiy firmalar, qurilish va transport korxonalari, dehqon bozori, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari ishlab turibdi. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari, madaniyat va istirohat bog’i mavjud. Sport majmuasi, stadion, sport zallari va maydonchalari, Markaziy kasalxona va uning bo’limlari, tug’ruqxona, poliklinika, dorixonalar, ayollar va bolalar konsultasiyasi faoliyat ko’rsatadi. Sheroboddan Qumqo’rg’on, Angor, Termiz va boshqalar shahar va aholi punktlariga avtobuslar qatnaydi. Sayfullo Tursunov.