Shahriston
Shahriston 1) Sharqda o’rta asrlarda shaharlarning markazi, mudofaa devori bilan mustahkamlangan asosiy qismi. Saroy (ba’zan Ark), jome masjid, yopiq (Tim) yoki ochiq bozor, bosh maydon — Registon, muhim ma’muriy binolar, hukmdor va uning yaqinlarining qo’rg’onlari, shuningdek, oddiy aholi xonadonlari va boshqalar bo’lgan. Ilk davrlarda unda bog’, ekinzorlar ham bo’lgan. qadimiy Buxoro Shahristoni arkdan alohida qurilgan (Narshaxiyning yozishicha, arkning bir darvozasidan Ark oldidagi maydon — Registonga, 2-darvozasidan Shahristonga chiqilgan). Shahristonlar yirik asosiy ko’chalar bilan bir necha dahalarga bo’lingan. Masalan, Buxoro Shahristonida g’arbdan sharqqa, shimoldan Janubga o’tgan qo’cha Shahristonni 4 teng qismga bo’lgan. Shahristonda dastlab dehqonlar, Arab istilosidan keyin savdo va hunarmandchilik rivoj topgach, savdogarlar, hunarmandlar (hokim tabaqa bilan bir Shahristonda) yashaganlar. Keyingi asrlarda Shahriston atrofida tashqi shahar — rabod qurilgan. O’rta Osiyoda qo’sh — ichki va tashqi rabod bilan o’ralgan Shahriston ham bo’lgan (masalan, Binkat); 2) bir-biriga yaqin shaharlar guruhi.