Shaqildoq ilonlar
Shaqildoq ilonlar, chinqiroq ilonlar — zaharli ilonlar oilasi. Uzunligi 3,6 metrgacha. Boshining 2 yonida (ko’zi bilan burun teshiklari oralig’ida) issiq qonli hayvonlarni masofadan sezadigan 2 ta issiq sezuvchi organi bor. Boshi uchburchak shaklda bo’lib, ustki tomoni yirik qalqonchalar bilan qoplangan. Tangachalari ustida taroqchalar bor. Dumi ostida 2 qator dum osti qalpoqchalari joylashgan. Ayrim Shaqildoq ilonlar dumi uchki qismida shaqildoq bo’ladi. Shaqildoq keyingi qirralari bilan bir-biri ustiga taxlanib turadigan muguz g’iloflardan iborat. Shaqildoq ilonlar tullagan sayin g’iloflar soni ortib boradi. 4 urug’i, 120 turi (jumladan, 2 ta haqiqiy Shaqildoq ilonlar) mavjud. Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyoda tarqalgan. O’zbekistonda qalqontumshuq ilon uchraydi; uning shaqildog’i bo’lmaydi. Shaqildoq ilonlar yerda, daraxtda, suv havzalari yaqinida yashaydi. Mayda umurtqali hayvonlar bilan oziqlanadi. Tuxumdan tirik tug’adi. Ayrim turlari terisi va go’shti uchun ovlanadi. Zahari tibbiyotda foydalaniladi. Bir necha turi tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi Qizil kitobiga kiritilgan.