Shaxs

Shaxs (tilshunoslikda) — ish-harakatning so’zlovchi nuqtai nazaridan uning bajaruvchisiga aloqadorligini ifodalovchi, o’zaro qarama-qarshi shakllar tizimidan iborat grammatik kategoriya, morfologik ko’rsatkich. Shaxs shakllari ish-harakatning so’zlovchiga (1- Shaxs), tinglovchiga (2- Shaxs) va suhbatda ishtirok etmovchi o’zga shaxsga (3- Shaxs) qarashliligini bildiradi. Harakat ob’yektining Shaxsi ko’p tillarda, jumladan, turkiy tillarda asosan fe’l orqali ifodalanadi. Masalan, o’zbek tilida — ko’rdim, ko’rganman — 1-Shaxs; ko’rding, ko’rgansan — 2-Shaxs; ko’rdi, ko’rgan — 3-Shaxs shakllaridir; dan (dat) va malayalam tillarida har uchala Shaxs uchun bir xil fe’l ko’rsatkichi qo’llanadi — u yoki bu Shaxs matnda anglashiladi. 1 va 2-Shaxs shakllari 3-Shaxsga ikki belgi bo’yicha qarama-qarshi qo’yiladi: a) ular hamisha Shaxs ma’nosiga ega bo’ladi; b) ushbu Shaxslarda nutq jarayoni (suhbat) ishtirokchilarigina ish-harakatning bajaruvchisi hisoblanadilar; 3-Shaxs esa: a) shaxs yoki predmet ma’nosiga ega bo’la oladi, 2) ish-harakatning ushbu Shaxs orqali ifodalangan bajaruvchisi suhbat ishtirokchisi hisoblanmaydi. Shaxs kategoriyasi fe’lning boshqa kategoriyalari (mayl, zamon, nisbat kabilar) bilan paradigmatik va funktsional munosabatlar orqali bog’lanadi. Ayniqsa, Shaxs kategoriyasining son kategoriyasisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Shuning uchun ularni birgalikda nomlab, shaxs-son kategoriyasi, ushbu ma’noni ifodalovchi shakl (ko’rsatkich)lar esa shaxs-son qo’shimchalari deb ham ataladi. Shaxs tushunchasi muayyan leksemalar bilan kishilik olmoshlari tizimida, maxsus affiksal morfemalar (egalik qo’shimchalari) yordamida otlarda ham ifodalanishi mumkin. Bunda kishilik olmoshlari (men, sen, u; biz, siz, ular) bajaruvchi Shaxslarni, egalik qo’shimchalari esa (kitobim, kitobing, kitobi) biror narsa — buyumning uch Shaxsdan qaysi biriga qarashli ekanini bildiradi. Ad.: O’zbek tili grammatikasi, 1-j., Morfologiya, T., 1975; hozirgi o’zbek adabiy tili, 1-qism, T., 1980. Azim Hojiev.