Shan tili
Shan tili — tay tillaridan biri; Myanmaning shimoli sharqidagi Shan milliy viloyatida, XXRning Yunnan viloyatida, shuningdek, Tailand va Laosda tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 3 million kishidan ortiq (Myanmaning o’zida 3 million kishiga yaqin). Shan tilining 3 lahjasi bor: taylong — Shan viloyatidagi ko’pchilik shanlar so’zlashadigan lahja; Tayne (tayle) — XXRdagi ko’pchilik shanlar so’zlashadigan lahja; taymau — Iravadi daryosi vodiysida Bamo tumanidagi shanlar so’zlashadigan lahja. Lahjalar o’zaro fonetik va leksik jihatdan farqlanadi. Shan tili — urug’ qabilalar ichidagi kundalik so’zlashuv tili bo’lib, u Shan viloyatidagina muhim kommunikativ ahamiyatga ega: bu yerda Shan tilida vaqtli matbuot va badiiy adabiyot nashr etiladi. Yozuvi harfbo’g’inli bo’lib, taxminan 11 —12-asrlarda yaratilgan va 2 ko’rinishga ega: taylong lahjasida qo’llanadigan va harf-belgilari dumaloq shaklda bo’lgan ko’rinishi pali yozuvi dan; boshqa lahjalarda qo’llanadigan, harf-belgilari burchakli (qirrali) bo’lgan ko’rinishi devanagariaan kelib chiqqan. Eng qadimgi, asosan, diniy mazmundagi yodgorliklari 18-asrga mansub.