Sharnirli mexanizm
Sharnirli mexanizm – zvenolari faqat aylanma kinematik juft (sharnir) hosil qiladigan mexanizm. Zvenolarining harakatiga ko’ra, tekis, sferik va fazoviy xillarga bo’linadi. Tekis Sharnirli mexanizmda sharnir o’klari parallel joylashgan bo’lib, zvenolari tekis parallel harakat qiladi. Sferik Sharnirli mexanizmda sharnir o’qlari bitta nuqtada kesishadi. Tekis va sferik Sharnirli mexanizmda kamida 4 ta zveno bo’ladi. Fazoviy Sharnirli mexanizmda aylanuvchi juftlarning o’qlari turli burchak ostida kesishadi. Umumiy holda fazoviy Sharnirli mexanizmda kamida 7 ta zveno bo’lishi kerak. Biroq zvenolarining chiziklari va burchak o’lchamlari orasidagi ma’lum munosabatlarni bajarishda zvenolar soni 4 tagacha kamayadi. Ish zvenosining harakatiga ko’ra, Sharnirli mexanizm siljituvchi, yo’naltiruvchi, uzatuvchi va to’xtab-to’xtab ishlovchi xillarga bo’linadi. Siljituvchi Sharnirli mexanizm ish zvenosini bir vaziyatdan ikkinchi vaziyatga siljitadi. Yo’naltiruvchi Sharnirli mexanizm zvenoning bitta nuqtasini berilgan egri chiziq bo’yicha siljitish uchun mo’ljallangan. Uzatuvchi Sharnirli mexanizm ma’lum qonun bo’yicha aylanma harakat hosil qilishga mo’ljallangan. To’xtab-to’xtab ishlovchi Sharnirli mexanizm mashina avtomatlarda ish organlarini harakatlantirish uchun ishlatiladi. Sharnirli mexanizm texnikaning turli sohalarida (porshenli nasoslar, uchish apparatlari, avtomat mashinalar, hisoblash mashinalari)da, metallurgiya va oziq-ovqat sanoatida qo’llanadi.